2016 yilning 14 iyunida O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi”ga asosan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Milliy arxiv fondining nodavlat sigmentini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi bugunning ustuvor masalasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismini boyitib borish, ularni tizimli asosda jamlash, hisobini olib borish, saqlash hamda foydalanishni tashkil etish hamda nodavlat arxivlarini shakllantirish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga, respublikada davlat arxivlari tarmog‘iga kirmaydigan, lekin qonunchilikka muvofiq tarzda nodavlat arxivlari sifatida qayta tashkil etishi lozim bo‘lgan arxivlar faoliyati va hozirda mavjud bo‘lgan muammolarga alohida e'tibor qaratildi.
Raqamlarga e'tibor qaratilsa, bugungi kunda respublika bo‘yicha arxiv muassasalarida jami 37 700 dan ortiq fond mavjud bo‘lib, ularning tarkibidagi hujjatlarning soni 8,6 mln. saqlov birligini tashkil etadi. Shundan milliy arxiv fondining nodavlat qismi 473 500 dan ortiq saqlov birligiga to‘g‘ri keladi. Arxiv muassalaridagi 5 886 ta shaxsiy fondda 374 907 saqlov birligidagi hujjatlar mavjud. Jami asosiy ro‘yxatga kiritilgan jamlash manbalari esa 10 754 tadan iborat bo‘lib, shundan nodavlat tashkilotlarining ulushi 1360 taga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxiv ishi bo‘yicha me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori (1999 yil 30 oktabr, 482-son) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi “Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizom”ning
23-bandiga muvofiq, Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar o‘z hujjatlarini davlat mulki qilib davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalarda saqlashga berishlari mumkin. Bunday ishlar bitim (shartnoma) bilan, zarur hollarida hujjatlarni saqlash va ulardan foydalanish shartlari aniqlangan holda, rasmiylashtiriladi.
Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi markaziy davlat arxivlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmalari rahbariti va xodimlari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdilar.