Nitstsada bo‘lib o‘tgan EuroPRevent 2016 kongressida Yevropa tibbiyot xodimlari har kuni 15 daqiqa yengil jismoniy mashqlarni bajarish erta o‘lim holatlarini 22 foizga kamaytirishini ma'lum qilishdi. Bu ayniqsa keksa yoshdagilar uchun juda foydali ekanligi alohida ta'kidlandi.
"Yoshning o‘tishi jismoniy mashq bilan shug‘ullanmaslik uchun sabab bo‘la olmaydi. Biz jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish har qanday dori va terapiyadan ko‘ra sog‘liqqa ko‘proq foydali ekanligini yaxshi bilamiz. Boshqa tomondan, katta va keksa yoshli kishilarning yarmidan ham kam bo‘lgan qismi jismoniy mashqlarga bir haftada 75-150 daqiqa ajratishadi", - ma'lum qildi Sent-Eten (Fransiya) universiteti xodimi Devid Xyupin.
Xyupin va uning hamkasblari muntazam ravishda sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish katta va keksa yoshli kishilarning sog‘lig‘iga qanday ta'sir ko‘rsatishini tahlil qilib chiqishga qaror qilishdi. Olimlar 2001 yildan buyon Fransiyadagi minglab keksa yoshli aholining sog‘lig‘i va ular orasidagi o‘lim darajasini kuzatishdi. Boshqa mamlakatlardagi olimlar ham bu jarayonni nazorat ostiga olishdi.
Tadqiqot natijalari jismoniy tarbiya va sportning sog‘liq uchun juda foydali ekanligini ko‘rsatdi - odamlar qancha ko‘p mashq qilgani sari, yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va boshqa kasalliklardan shuncha kam vafot etishgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bir kunda 10-20 daqiqa jismoniy mashq bilan shug‘ullanish erta o‘lim holatlari darajasini 22 foizga kamaytirish uchun yetarlidir. Mashqlarni kundalik 150 daqiqaga yetkazish esa o‘lim xavfini 35 foizga kamaytiradi.
Xyupin keksa yoshli kishilarning keskin harakat qilmasligi haqida ogohlantiradi - bu ularga ortiqcha muammolar tug‘idirishi mumkin. Ular jismoniy faollik darajasini asta-sekinlik bilan oshirib borishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.