Italiyaning Osteria Francescana restorani dunyoning eng yaxshi tamaddixonasi deb topildi. Reuters agentligi Restaurant jurnalining yangi reytingiga asoslangan holda shu haqda xabar qilmoqda. Dunyoning eng yaxshi restoranlari reytingi 2002 yildan bosh oshpazlar, restoratorlar, kulinariya ekspertlari va sharhlovchilarning shaxsiy tajribasi asosida tuzib kelinadi.
Osteria Francescana restorani Modenda joylashgan bo‘lib, italyan taomlarni o‘ziga xos ijodiy uslubda tayyorlagani bilan birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Ro‘yxatning ikkinchi o‘rnida 2015 yilning eng yaxshi restorani bo‘lgan Ispaniyaning Jirona shahridagi El Celler de Can Roca tamaddixonasi joylashgan. Nyu-Yorkning Eleven Madison Park restorani faxrli uchinchi o‘rinni band etdi.
Undan so‘ngra Central (Lima, Peru) keladi. Mashhur Noma restorani (Kopengagen, Daniya) bu safargi reytingda beshinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan.
Top-10 ga shuningdek, Fransiya, Yaponiya va Avstriyaning tamaddixonalari ham kira olgan. Ma'lum bo‘lishicha, eng yaxshi 50ta restoranning yarmidan ko‘pi Yevropada joylashgan. Oltitasi AQShda, yana oltitasi Janubiy Amerikada va beshtasi Osiyoda joylashgan.