Ilm - taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch

Jamiyat 17:13 / 14.06.2016 5047

Ilmiy izlanishlar davlatimiz tomonidan doim qo‘llab-quvvatlanib kelinadi. Olimlarning qo‘lga kiritgan yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb qilishda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiya taraqqiyoti qo‘mitasi faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan dasturlar ishlab chiqiladi, yangiliklarning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi. Qo‘mita tomonidan tanlab olingan 465ta loyihaga deyarli 27 milliard so‘m davlat granti ajratildi. Tadqiqotchilar 116ta patentga ega bo‘lishdi, kompyuter dasturiy ta'minoti bo‘yicha 44ta guvohnoma qo‘lga kiritildi. 

"Bu yil mahalliy tabiiy resurslar asosida dori va kosmetika vositalarini ishlab chiqarishning yuqori samarali texnologiyasini taklif qilib, grantga sazovor bo‘ldik. Aloedan tayyorlanadigan "Sabur" biologik faol qo‘shimchasi hozirda ishlab chiqarish jarayonida, bu mahsulot organizmdagi moddalar almashinuvini yaxshilash, oshqozon-ichak kasalliklarida immunitetni mustahkamlashga yordam beradi. Bugungi kunda shu o‘simlik asosida 30dan ortiq dori vositalari ishlab chiqarilmoqda", - deydi A. Sultanov nomli Kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti xodimasi Shahnoza Hojiakbarova. 

O‘zbekistonning energiya sohasini rivojlantirish tadqiqotchilarning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti energetika yo‘nalishidagi yuqori toifali mutaxassislarni tayyorlaydi. 

"Universitetimiz qoshida "Energiyani tejash va uning qayta tiklanuvchi manbalari" nomli zamonaviy ilmiy-tadqiqot labaratoriyasi yaratilgan. Bu yerda nazariy va amaliy tadqiqotlar amalga oshiriladi hamda ularning natijalari energetika sohasida qo‘llaniladi. Bugungi kunga kelib energiyaning samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar ko‘paymoqda. Biz taklif qilgan texnologiyamiz bo‘yicha bir necha patentlarni qo‘lga kiritdik", - deydi TDTU professori Murodilla Muhammadiyev.

Ko‘rib turganingizdek, oliy o‘quv muassasalari iqtisodiyotdagi dolzarb muammolarning yechimiga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziluvchi platformaga aylanmoqda. Buning natijasida ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi amalga oshirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: