Kitoblik (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Nodir Jabborovga nisbatan izquvarlarning shubhasi ortdi. U mol bozorida dallollik bilan shug‘ullanib kelgan. Dalloldan shubhalangan izquvarlar uning uyini tekshirishga qaror qilishadi. Ular moli o‘g‘rilangan fuqaroni ham o‘zlari bilan olib borganligi ijobiy samara berdi. Molxonani kuzatish davomida molning egasi devorda osig‘liq turgan arqonni tanib qoladi. Shu zaylda masalaning yechimi topiladi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, Nodir Jabborov qo‘shnisi Husniddin Hasanovga tegishli uyning orqa tomonida joylashgan tutzorga bog‘lab qo‘yilgan ona-bola sigirni o‘g‘rilab, shu tumanda yashovchi Feruz Murodovga sotib yuboradi. Shuningdek, yakkabog‘lik izquvarlarning sa'y-harakatlari tufayli mazkur tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro Rahim Shamsiddinovning bir bosh sigirini kitoblik Jamshid Baxtiyor o‘g‘rilab, o‘z hamshahari Ulug‘bek Bozorovga sotib yuborganligi aniqlandi. Jabrlanuvchining o‘z sigirini tanib olishi hamda sotib olgan fuqaroning guvohlik berishi jinoyatning fosh bo‘lishiga asos bo‘ldi.
Bu ham kamlik qilganidek, Jamshid Baxtiyorov hamda uning hamtovoqlari bo‘lmish Nodir Jabborov va Feruz Murodov Shahrisabz tumanida yashovchi Isroil Hikmatovning bosh sigirini o‘g‘rilab, kitoblik Ilyos Muslimovga sotib yuborgan. O‘zgalar mulki hisobidan mo‘may boylik orttirishga intilgan bu kimsalar shahrisabzlik Doston Umarovning ham bir bosh sigirini o‘g‘rilab sotishadi va pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Nafsi hakalak otib, bosar-tusarini bilmay qolgan bu kimsalar endi Nishon va Qarshi tumanlarida ham paydo bo‘lishadi. Viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘zlarining jinoiy qilmishlarini amalga oshirish maqsadida Qarshi shahri va unga qo‘shni bo‘lgan tumanlarning yo‘llarini yaxshi biladigan, avtomashinasi bor shaxslarni qidira boshlashadi. Ularga qarshi hududida chorva mollari boqish bilan shug‘ullanadigan va o‘g‘rilik qilish uchun qulay xonadonlarni topish, ana shunday xonadonlar aniqlangan taqdirda, bu haqda jinoiy guruhga xabar berib turish vazifasini yuklashadi. Buning evaziga esa mo‘maygina haq to‘lashni va'da qilib, ularin qiziqtirishadi.
Hatto bu ishga voyaga yetmaganlarni ham jalb etadi. Ulardan biri Akmal Quvvatov edi. U rahnamolarning quruq va'dalariga uchib, o‘zining boshqaruvchida bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinasida Qarshi tumanida yashovchi G‘ayrat abrorovning bir bosh buqaasini o‘g‘rilashda faol ishtirok etadi.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida jinoyatchilarnig boshini yerga qovushtirib, o‘zining qabih niyatlarni amalga oshirib kelayotgan jinoiy guruhning rahbari hech qayerda ishlamaydigan shu paytgacha biror-bir hunarning boshini tutmagan Sirojiddin O‘rolov ekanligi ma'lum bo‘ldi. Guruhning qolgan a'zolari ham jamiyatga umuman foydasi tegmaydigan tekintomoqlar ekan. Ular navbatdagi o‘g‘rilangan chorva mollarini zudlik bilan Koson tumanidagi mol bozoriga olib borib sotayotganlarida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.