Angliya chempionatida barchani lol qoldirgan “Lester” jamoasi hujumchisi Jyeymi Vardi Angliya terma jamoasida o‘z ertagini bu safar ham davom ettira oladimi? Mutaxassislar shu masala xususida izlanishmoqda.
Hujumdagi raqobat
"Lester"da Jyeymi Vardi va Shinjo Okazaki juftligi 27 uchrashuvda birga harakat qilgan. 5ta golga mualliflik qilgan Okazaki 25ta o‘yinda almashtirilgan. Vardiga yordam berish bilan band qilingan bu yaponiyalik futbolchi vaqtning katta qismini maydon markazida o‘tkazdi, raqiblar hujumlarini to‘xtatish va hujumdagi birinchi pasni berish bilan shug‘ullandi.
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roy Hojson Niderlandiya va Portugaliya bilan kechgan o‘rtoqlik o‘yinlarida Vardini Harri Keyn bilan birga qo‘ydi. Turkiya bilan o‘yinda esa oldingi chiziqda bu hujumchilarga Rahim Sterling ham qo‘shildi. Hujumni Ueyn Runi qo‘llab-quvvatlab turdi.
Angliya terma jamoasining oldingi chizig‘i "golga chanqoq" futbolchilardan tarkib topgan. Vardini terma jamoada Okazaki kabi ortdan qo‘llab-quvvatlab, uning xatolarini yopib turuvchi futbolchi kerak bo‘ladi. Saralash o‘yinlari shuni ko‘rsatdiki, og‘ir vaziyatlarda Runi mas'uliyatni zimmasiga olib, hujumga qo‘shildi - u hamisha orqa chiziqda qola olmaydi. Masalan, Sloveniya bilan o‘yinda (3:2). Terma jamoada Vardini orqadan qo‘llab turadigan futbolchilar o‘rniga u bilan raqobatlashadigan futbolchilar yig‘ilgan. Runi esa terma jamoasi faxriysi va u ancha xudbin. "Lester"da esa Jyeymi - qirol, uning "aytgani aytgan, degani degan" edi.
Vardi terma jamoada 3ta gol urdi, shundan faqat bittasi, Germaniyaga qarshi o‘yinda tezkor qarshi hujumda (uning "Lester"dagi sevimli uslubi - tahr) yuz berdi. Qolgan ikki gol raqib jarima maydonchasida to‘g‘ri pozitsiya tanlash evaziga urilgan. Angliyada qanotlarda yuqori saviyali futbolchilar yig‘ilgan, ular yarim himoya chizig‘i bilan samarali hamkorlik qilishadi, ammo faqat qanotlardan o‘ynab bo‘lmaydi. Kimdir bu o‘rinda vositachilikni zimmasiga olib, markaziy hujumchi uchun bo‘sh hudud hosil qilinishi uchun harakat qilishi kerak. Buni Keyn Vardi uchun qiladimi yoki Vardi Keyn uchunmi? Vardi jamoa natijasi birinchi o‘rinda turishi haqida gapirsa, hech kim ishonmaydi, har qanday hujumchi faqat gol urish haqida orzu qiladi.
Raqobat
Jyeymi Vardi qarshi hujumlar uchun ixtisoslashgan futbolchi. Agar Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Slutskiy Angliyaga qarshi ilk o‘yinda hujumkor taktika tanlasa, bu Vardiga o‘zini ko‘rsatish uchun zo‘r imkon bo‘ladi. Lekin inglizlar Uels va Slovakiya bilan o‘yinlarda hujumkor o‘yin namoyish etishdi va tig‘iz mudofaa chizig‘i - Vardi uchun jiddiy muammoga aylandi. Axir unga erkin yugurishi uchun kattagina hududlar kerak.
Jarima maydonchasiga uzatiladigan to‘plar uchun kurashish esa Harri Keyn uchun. U Vardidan kamida 10 santimetrga uzun. Shuningdek, jarima zarbalari vaqtida hujumga qo‘shiladigan Gari Keyxill va Kris Smolling Vardining raqobatchilariga aylanishadi, ularning bo‘yi yanada balandroq. Bunday vaziyatda to‘g‘ri pozitsiya tanlanmasa va tasodifan to‘p o‘ziga kelib tushmasa, Vardida o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bo‘lmaydi. U gol ursa, yanada yaxshi o‘ynaydi, gol urmasa maydonda ko‘rinmay qoladi.
Angliya terma jamoasiga yopishgan "tavqi la'nat"
Barcha qiyinchiliklarga qaramasdan Jyeymi bari bir raqiblar himoyasini parchalay olishi va gollarni qalashtirib tashlashi mumkin. Lekin jamoa yaxshi o‘ynamasa, barchasi befoyda. 1996 yildan buyon inglizlar xalqaro turnirlarda chorak finallardan nariga o‘ta olmaydi. Holbuki, hamisha tarkib kuchli bo‘lgan.
Roy Hojson terma jamoa bilan 2 marta ishlagan: 2012 yilgi Yevropa chempionati arafasida va 2 yil o‘tib Braziliyada. Birinchi safar murabbiy himoyani va yarim himoyani juda yaxshi tashkil qilgandi (atigi 3ta gol o‘tkazib yuborilgan). Lekin o‘sha tarkibdagi Jyerrard, Jon Terri va Eshli Koul endi yo‘q. O‘shanda jamoa himoya chizig‘i vakili Jolen Leskott ikkita gol bilan "jamoa to‘purari" bo‘lgandi, hujum chizig‘i samarali ishlamagandi. Jamoa Italiyadan yengilib, chorak finaldan uyga qaytgandi.
2014 yilgi JChda inglizlar "o‘lim guruhi"ga tushib qolishdi. Urugvay, Italiya va Keylor Navasga (Kosta-Rika darvozaboni) kurash olib borgan Angliya guruhdan chiqa olmadi. Bu halokat emasdi, lekin yaxshi natija ham emasdi.
Hozirda esa Angliya terma jamoasining butunlay yangi avlodi Yevro-2016 turniriga yetib kelgan (o‘rtacha yosh - 25-30). Qolaversa, Hojson turnirdagi o‘ziga eng ishongan murabbiylar sirasida qayd etilmoqda.
2014 yili u Terrini tarkibga olmagandi, bu safar Angliya chempioni Denni Drinkuoterni tashlab ketib, uning o‘rniga o‘z sevimli futbolchisi Jyek Uilsherni Fransiyaga olib ketdi. Holbuki, Uilsher jarohat tufayli butun mavsumni o‘tkazib yuborgandi.
Ruhiy holat
“Arsenal” bilan bo‘layotgan muzokaralar Vardining rafiqasini va hatto o‘zini ham asabiylashtirmoqda. Roy Hojson ham Yevro-2016 o‘yinlari boshlangunga qadar kelajak Vardi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritilishini so‘radi.
The Telegraph’ning xabar berishicha Vardi Arsen Venger bilan ishlashni istamagan va “Lester” bilan shartnomasini uzaytirgan. Lekin klub shartnoma uzaytirilgani haqida hali e'lon qilmagan.
Qolaversa, Jyeymi o‘tgan mavsumda deyarli tanaffussiz o‘ynadi va unda charchoq alomatlari ko‘rinib qolmoqda. Bu esa Luis Suares bilan 2010 yildagi JChda bo‘lgani kabi omadli yakunlanishi ham, 2014 yilda Braziliyada Diyego Kosta bilan bo‘lgani kabi qo‘rqinchli yakunlanishi ham mumkin.
Manba: Tribuna.Uz