O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining “Qonunlarni hayotga joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish – davr talabi” mavzusida kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a'zolari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti mas'ul xodimlari, olimlar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etdi.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning me'yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan ta'minlash tizimini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 5 avgustdagi “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Unga ko‘ra tashkil etilgan qonunchilik hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi partiya fraksiyasi a'zosi Umid Sulaymonov. – Hozir milliy bazaga 40 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjat kiritilgan. Milliy baza muntazam yangilanib bormoqda. Istovchilar undan bepul va hech qanday to‘siqsiz foydalanmoqda.
Tadbirda qonunchilik hujjatlaridan foydalanish borasida xorij tajribasi xususida ham fikr almashildi.