Rejissyor Rustam Sa'diyevdan yangi film - “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn”

Jamiyat 12:53 / 09.06.2016 20080

Bir oz avval rejissyor Rustam Sa'diyev “Baron” filmining ikkinchi qismini suratga olayotganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi, ammo bu shov-shuv tarqalganiga ko‘p vaqt o‘tmay, bugun “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmi bilan bog‘liq fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishni boshladi. Bu hol bevosita ommaviy axborot vositalari xodimlari va kino muxlislarining diqqatini tortib, ayrim savollarning tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. 

Ushbu savol yuzasidan qo‘ng‘iroq qilganimizda rejissyor bizga “ayni damda “Baron-2” filmining ssenariysi hozirda yozilayotganligi, lekin undan bir oz avval tayyor turgan “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” komediyali melodrama janridagi filmining ikkinchi qismini suratga olishni boshlab yuborganligi”ni ma'lum qildi. 

Rejissyor Rustam Sa'diyev: “Baron-2” filmining suratga olish ishlari oldin aytganimizdek avgust oylari oxirida boshlanadi va sentabr-oktabr oylarida s'yomka ishlari boshlanishi rejalashtirilgan. “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmi esa bir yil oldin rejada turgandi. Shuning uchun ham suratga olish ishlarini boshlab yubordim”. 

Shu tariqa bizni qiziqtirgan savollar boshqalariga ulanib ketdi. Rustam Sa'diyev esa har qancha band bo‘lmasin, savollarimizga erinmay javob berdi:

- “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmning 2-qismidagi voqealar ketma-ketligi 1-qismdagi voqealarni qaytarmasligi kabi, aktyorlar tarkibi ham o‘zgaripti...

- “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmi birinchi filmning davomi hisoblanmaydi. Bu filmda boshqa voqeilik hozirgi kunda jamiyatimizda, hayotimizda uchraydigan dolzarb mavzuga qo‘l urganmiz. Adiz Rajabov, Dilnoza Umarova (“Sevgi balki bu jannat”, “O‘gay ona”, “Erkatoy”) Muhammadiso Abdulxairov, Maryam Ixtiyorova, Elyor Mahkamov, Shahlo Temirova kabi aktyor va aktrisalar taklif qilindi.

- “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmi orqali tomoshabinlarga nima demoqchi bo‘layotganingiz, qolaversa, film g‘oyasi nafaqat muxlislar, shu o‘rinda, albatta, biz uchun ham qiziq...

- Aytishim mumkinki, bu filmda tomoshabin zaldan shunchaki “xaxolab” chiqib ketmaydi. Filmda ibrat bo‘ladigan g‘oyalarni ham kulgu orqali ilgari surganmiz. Jamiyatimizda hozir aksariyat yosh qizlarimiz bilmagan holda yengil hayotga, mol-dunyoga uchib, nafsiga qul bo‘lib, sabr degan narsani unutib qo‘yishmoqda. Oxirgi paytlarda sabrsizlik, mol-dunyoning inson qadridan ustun bo‘lib qolayotganligi jamiyatimizda uchrayotgan achinarli holatlardan biri. Buning ortidan qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lib, yigit qizlarimiz baxtsiz bo‘lib qolyapti. Bu filmning g‘oyasi ana shu asosiy dolzarb mavzulardan iborat.

- Bu gal filmga Elyor Mahkamovni taklif qilibsiz. Nega bosh rollardan biriga aynan bu yigit tanlandi? 

- Men ancha yillardan buyon bu yigitni kuzatib yurardim. Lekin ichimda shu yigit kinoda o‘ynasa, zo‘r o‘ynashi mumkin, mahoratli aktyor, degan fikr tug‘ilgan. Bu fikrimning to‘g‘riligiga uning “Majnun” filmidagi ijrosini ko‘rib yana bir bor amin bo‘ldim. Shu bois Elyorni filmga kinosinovsiz tarzda taklif etdim. Tomoshabinlar Elyor Mahkamovning ochilmagan qirralarini “Er bermoq-jon bermoq-2 Onlayn” filmida kashf etishsa ajab emas.

- Rustam aka, qimmatli vaqtingizni ayamay, Kun.uz nashri muxlislari qiziqqan ma'lumotlarni o‘rtoqlashganingizdan minnatdormiz! Ijodingizga esa omad tilaymiz! 

- Rahmat! 

S'yomka jarayonlaridan qiziq reportajlar, qaynoq fotosuratlar, qahramonlar bilan o‘tkazilgan eksklyuziv intervyulardan birinchi bo‘lib Kun.uz sayti orqali xabardor bo‘lib borasiz. 

Demak, bizni kuzatishda davom eting.

Mohichehra Eshmirzayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: