Royal Dutch Shell iyul oyida Eronning 1 mln barrel neftini Yevropaga yetkazadi. U Fransiyaning Total kompaniyasidan so‘ng Eron neftini xarid qila boshlagan ikkinchi yirik kompaniya bo‘ladi, deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi.
Neftni Yevropaga yetkazish uchun yollangan Delta Hellas tankeri 1 iyul kuni yuklanadi, deb xabar qilgan agentlik manbasi. Biroq Shell kompaniyasi bu axborotni izohlaganicha yo‘q.
Total kompaniyasi 2016 yil fevralidan Eron neftini sotib ola boshlagan edi.
Avvalroq Eron milliy neft kompaniyasi xalqaro aloqalar bo‘yicha ijrochi direktori Muhsin G‘amsariy, Yevropaga neft yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar haqida so‘z yuritib, Total bilan imzolangan bitimdan tashqari Gretsiyaning Hellenic Petroleum, "Lukoyl" va Ispaniyaning Cepsa kompaniyalari bilan ham kelishuvlar mavjudligini bildirgandi.
Shell kompaniyasi esa, Eronga nisbatan sanksiyalardan avval xarid qilgan, ammo sanksiyalar tufayli to‘lay olmagan qarzini yopganidan so‘ng, Eron neftini qayta import qilishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Kompaniya mart oyida 2,1 mlrd dollarlik qarzning 1,9 milliardini qoplagan.