Fransiya poytaxtidagi suv toshqinidan keyin Luvr va d'Orse muzeyi o‘z ishini qayta tikladi, deb xabar beradi The Local. Ko‘rgazma majmualari besh kun davomida faoliyat ko‘rsatmadi.
Parijdagi Sena daryosining suv sathi 1982 yildan beri rekord ko‘rsatkichlarga ko‘tarildi. Sena daryosi toshishi natijasida Luvr xavf ostida bo‘lgan san'at asarlarining bir qismini evakuatsiya qilgan.
5 iyun kuni Senadagi suv sathi 6 metrga pasaydi, shundan so‘ng sinoptiklar sel cho‘qqisi o‘tganini ma'lum qilishdi.
Luvr 8 iyun, chorshanba kuni soat 9:00da ochildi. Suv toshqinidan san'at asarlarining zarar ko‘rmaganligi, biroq sotilmagan chiptalar tufayli muzey 1,5 million yevro ziyon ko‘rgani ta'kidlandi.
D'Orse muzeyi soat 9:30dan o‘z ishini qayta yo‘lga qo‘ydi. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu muzeyda suv toshqinidan zarar ko‘rilmagan.