Yaqin besh yil ichida fond bozorlari o‘sishi munosabati bilan kamida 100 million dollarga egalik qiluvchi kishilarning moliyaviy ahvoli yanada o‘sishi kutilmoqda, deb xabar beradi Bloomberg Boston Consulting Group ( BCG) tadqiqotiga asoslanib.
Ushbu toifaga kiruvchi kishilarning umumiy moliyaviy ahvoli yiliga 9,5 foizga o‘sib boradi va 2020 yilda 224 trillion dollarni tashkil qiladi. Agar 2015 yilda milliarderlarga tegishli dunyo boyliklarining ulushi 47 foiz darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda u 52 foizgacha ko‘tariladi.
Investitsion faoliyatdan keluvchi daromadlarning qisqarishiga duch kelgan UBS Group AG, Credit Suisse Group AG va JP Morgan Chase & Co. kabi banklar o‘ta boy kishilar va ularning kompaniyalariga xizmat ko‘rsatishga o‘tib olishdi, bu banklar ularga yuzlab million dollarlarga konsultatsiyalar va kredit liniyalari taklif etishadi.
Bundan tashqari, BCG hisobotiga ko‘ra, ofshor moliyaviy markazlari aktivlarining umumiy qiymati 2015 yilda 3 foizga o‘sib, 10 trillion dollardan iborat bo‘ldi. Yevropa va Shimoliy Amerika investorlarining ba'zilari pullarni o‘z mamlakatlariga qaytarayotgan bir paytda, jismoniy shaxslar o‘z moliyaviy holatlariga siyosiy va iqtisodiy ta'sirdan qochishga harakat qilishmoqda. Hongkong va Singapurda qayd etilgan ofshor aktivlari har yili taxminan 10 foizga oshishi kutilmoqda.