OAV: britaniyalik bosh miyasiga zarar yetkazgani uchun Kopperfildni jazolashni talab qilmoqda

Jamiyat 10:42 / 07.06.2016 4753

Buyuk britaniyalik sayyoh Gevin Koksning aytishicha, u amerikalik ko‘zboylag‘ich Devid Kopperfildning tomoshalaridan birida jarohat olib, boshmiyasini zararlantirib olgan, deb yozmoqda The Sun nashri. 

2013 yili Las-Vegasda tavallud kunini nishonlagan Koks, ko‘zboylovchining chiqishlaridan birida, sahnaga osib qo‘yilgan qafasdan yo‘qolib, zalda paydo bo‘ladigan 13 kishining biri bo‘lgan. 

Ko‘ngillilarni yashirin tuynukdan olib chiqishayotganda, Gevin sirpanib, yiqilib tushgan. Shifoxonada esa Koksning yelkasi chiqqanini aytishganiga qaramay, keyinchalik jiddiy tekshiruvlardan so‘ng, boshmiya ham zararlangani aniqlangan. 

Mahkama jarayonida Koksning uqdirishicha, fokuschi tryukda ishtirok etganlarning xavfsizligini ta'minlay olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatdan so‘ng, u sog‘lig‘i va biznesini yo‘qotgan. Koks bungacha Londondagi  Buck klubida bosh oshpaz bo‘lib ishlagan hamda qirolicha Yelizaveta, Margaret Tetcher va akter Kristofer Li uchun taom tayyorlagan.

Ko‘zboylag‘ich va uning jamoasi, ularga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni inkor etib, jarohat va undan keyingi muammolar Koksda avvaldan bo‘lganini ta'kidlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: