Checheniston rahbari Ramzon Qodirov sport afsonasi, bokschi Muhammad Alining o‘limiga o‘z munosabatini bildirdi. Qodirovning aytishicha, aynan bokschining yutuqlari sababli u bu sportga qiziqib qolgan. Qodirov Instagram’dagi sahifasida yozishicha, u Alining xotirasini abadiylashtirishga qaror qildi.
"Muhammad Ali tufayli men bokschi bo‘lganman, minglab bolalar uchun boks bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratib berganman. Bugun men Muhammad Ali xotirasini abadiylashtirishga qaror qildim. Men uning nomidagi boks zalini qurdiraman va Grozniydagi ko‘chalardan biri uning nomi bilan ataladi", deb yozdi Qodirov.
Ramzon Qodirov bokschining sportchilik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlarida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Amerikada irqiy tahqirlash avj olayotgan vaqtda u Vetnamdagi urushni qoralab va u yerda vahshiylik sodir etayotgan armiyada xizmat qilishdan bosh tortib, hukumatga qarshi borishdan qo‘rqmadi. U sayyoramizning eng dono odami edi", deb ta'kidlab o‘tdi Qodirov.
Muhammad Ali 4 iyunda ertalab Finiks shahridagi shifoxonada vafot etdi. U bir kun avval nafas olishdagi muammolar sababli shifoxonaga yotqazilgandi. Ali o‘zining ona shahri – Kentukki shtatidagi Luisvillda dafn etiladigan bo‘ldi.