Aprel oyida GM Uzbekistan avtomobillari savdosi Rossiyada 5 foizga kamaydi

Iqtisodiyot 11:22 / 27.05.2016 7143

2016 yilning aprelida Rossiyada GM Uzbekistan AJ QK avtomobillari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga kamroq sotildi. Bu haqda Yevropa biznesi uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi xabar bergan.

Ushbu oy davomida Rossiyada jami 1571ta mashina sotilgan.

2016 yilning yanvar—aprelida GM Uzbekistan AJ QK jami 6103ta avtomobil sotdi, bu 2015 yilning shu davriga nisbatan 14 foizga kam demakdir.

Kompaniya mahsulotlari orasida eng ko‘p sotilgani Gentra bo‘lib qolmoqda: aprel oyida 1078ta shu rusumdagi avtomobil sotilgan (-13,4 foiz). Yil boshidan buyon sotilgan Gentra avtomobillari soni 4386ta (+1,8 foiz). Natijada, avtomobil "Avtostat" tomonidan tuzilgan Rossiyadagi eng xaridor 25 avtomobil qatoriga kiritilgan.

Ayni vaqtda Ravon Gentra Rossiya bozorida 439 ming rubldan taklif etilmoqda. Ravon R2 1,5 litr sig‘imli to‘rt silindrli dvigatelga ega. Agregatning ish koeffitsiyenti 107 ot kuchiga teng. Model 12,4 soniyada soatiga 100 kilometr tezlikka erisha oladi. Maksimal tezligi soatiga 161 kilometrga teng.

2016 yilning ikkinchi yarmida Rossiya bozorida Ravon Gentra sedanining yangi qiyofadagi (restayling) modeli paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Bugungi kunda Rossiyada Gentra sedanidan tashqari, Matiz va Ravon R2 (Chevrolet Spark analogi) avtomobillari sotilmoqda. Kelgusida Ravon Nexia R3 (Chevrolet Aveo analogi) va R4 (Chevrolet Cobalt analogi) taqdim etiladi.

GM Uzbekistan qo‘shma korxonasining Rossiya bozoridagi ulushi yanvar—fevralda 1,5 foizni tashkil etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: