2016 yil oxirigacha O‘zbekistonda 20 mingdan ziyod fermer xo‘jaligida intensiv bog‘ yaratish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi

Iqtisodiyot 21:54 / 23.05.2016 12487

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Fermerlari kengashi tomonidan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

O‘zbekiston prezidentining 2012 yil 22 oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, fermerlarning imtiyozlar ko‘lami yanada ortdi. Fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida tuman fermerlar kengashlari qoshida huquqiy, iqtisodiy, agrotexnik va boshqa masalalar bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi 220ga yaqin konsalting markazi tashkil etildi. 

Farmon ijrosi doirasida qabul qilingan dasturga binoan Soliq kodeksiga, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga, o‘ndan ortiq idoraviy-me'yoriy hujjatga o‘zgartishlar kiritildi. Fermerlar kengashlariga berilgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari ustidan fermer xo‘jaliklari manfaatlarini ko‘zlab sudga da'vo arizalari taqdim etganda davlat boji to‘lamaslik, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan ishchilarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan fermer xo‘jaliklarini 5 yilga yagona yer solig‘i to‘lashdan ozod etish kabi imtiyozlar shular jumlasidandir. 

Bunday imkoniyatlar fermerlarni yanada faol bo‘lishga undamoqda. Zamon ulardan faqat hosil yetishtirish bilan cheklanmay, qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirishni ham talab etmoqda. 2013-2015 yillarda hamda 2016 yilning o‘tgan davrida fermer xo‘jaliklarining 46 mingtasida qo‘shimcha ishlab chiqarish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash, servis xizmatlari ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Qishloqlarda 310 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Yil oxiriga qadar 20 mingdan ziyod fermer xo‘jaligida intensiv bog‘ yaratish, qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish kabi loyihalarni amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. 

Anjumanda fermerlarning fermer-menejyer sifatida faoliyatini tashkil etishga e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. Shu maqsadda oliy ta'lim muassasalarida hamda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida deputatlar, soliq, bojxona, tijorat banklari vakillari va ilg‘or fermerlar ishtirokida amaliy muloqot va o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar uch yuzdan ortiq talaba-o‘quvchiga maxsus stipendiyalar joriy etildi. 

Ko‘proq yangiliklar: