O‘zbekistonlik talaba sayohatga sherik topishga yordam beradigan mobil dasturni taqdim etdi

Fan-texnika 10:07 / 12.05.2016 3366

11 may kuni Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz»da IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi boshlandi.

An'anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu forum ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvini ta'minlaydigan muhim vositalardan biriga aylandi. Joriy yilgi yarmarkada taqdim etilgan qariyb 650ta yangi loyihaning 70dan ortig‘i yosh olimlar va talabalarga tegishlidir. 

Oliy o‘quv yurtlari talabalari yarmarkada faol ishtirok etmoqda. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa oliy o‘quv muassasalari o‘nlab yangi ishlanmalarni taqdim etgan.

Yarmarkada Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 4-kurs talabasi Shuhrat A'zamov o‘zi ishlab chiqqan yangi mobil dasturni taqdim etdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

«Men “Dovezu.uz” yangi mobil dasturini ishlab chiqdim. Bu dastur birgalikda sayohat qilish uchun hamroh topishga yordam beradi», — dedi yosh ixtirochi.

Yarmarkada namoyish etilayotgan yangiliklarning 130tasi sanoat, 116tasi qishloq xo‘jaligi sohasidagi dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan, 130dan ziyod ishlanma va ilg‘or texnologiyalar sog‘liqni saqlash va farmatsevtika uchun mo‘ljallangan, 89tasi axborot texnologiyalari, yana 34tasi ilm-fan va ta'lim sohasidagi yangi dasturiy mahsulotlardir.

Ma'lumot uchun, shu vaqtgacha o‘tkazilgan sakkizta innovatsion yarmarkada umumiy qiymati 112,6 milliard so‘mlik 3,1 mingdan ortiq shartnoma imzolangan edi. Mazkur shartnomalarning amalga oshirilishi natijasida 59 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, 55 turdagi tajriba namunalari tayyorlanib, 100 dan ortiq tashkilot, korxona va fermer xo‘jaligiga ilmiy-texnik yordam ko‘rsatilgan.

IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: