Rossiyaning neftdan daromadi keyingi 12 yildagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi

Iqtisodiyot 10:59 / 12.05.2016 3491

2016 yilning yanvar-mart oylarida Rossiyaning neft eksportidan olgan daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 baravar kamaydi va 14,093 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Federal Bajxona xizmati ma'lumotlariga asoslanib RIA «Novosti» xabar tarqatgan.

Aniqlik kiritilishicha, bu vaqtdagi eksport hajmining 13,076 mlrd dollarlik qismi uzoq mamlakatlar hissasiga, 1,016 mlrd dollarlik qismi esa MDH mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Neft mahsulotlari eksporti hajmi ham yanvar — mart oylarida kamaygan va 38,526 mln tonnani tashkil etgan(9,533 mlrd dollar). Bu 2015 yilning shu davriga nisbatan 15,9 foizga kam demakdir.

Neft va neft mahsulotlaridan olingan daromad ko‘rsatkichlari 2004 yildan buyon eng past darajani qayd etdi.

Bundan tashqari, Urals markasidagi neft (Rossiya eksportidagi asosiy mahsulot) narxi 2016 yilning yanvar — fevral oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,7 foizga arzonlagan va 1 barreliga 29,69 dollarni tashkil qilgan.

Bundan oldinroq, Rossiyaning gaz eksportidan daromadi 25 foizga kamaygani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: