O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki huzurida jahon bozorlari, investitsiyalari va texnologiyalarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi Markaz tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati shu haqdagi «O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki huzurida jahon bozorlari, investitsiyalari va texnologiyalarini tahlil qilish Markazini tashkil etish choralari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.
Hujjatni qabul qilishdan maqsad, jahon bozorlarini chuqur o‘rganish, rivojlangan davlatlarning ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish va shu asosda mahalliy iqtisodiyotning aniq sohalaridagi investitsion faoliyat xususida batafsil tavsiyalarini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishdir. Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini shakllantirishda ularning iqtisodiy va texnologik shartlarini samarali tayyorlashni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, hukumat qaroriga ko‘ra, Markaz faoliyatini ma'muriyatlararo muvofiqlashtiruvchi guruhning tarkibi ham tasdiqlangan. Ushbu guruhga, Milliy bank boshqaruvi raisi Saidahmad Rahimov rahbar etib tayinlandi.
Qarorga muvofiq, Muvofiqlashtiruvchi guruh Markaz tahliliy faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va mavzusini aniqlab beradi hamda o‘z yig‘ilishlarida uning hisobotlarini qabul qiladi.