Bugun Vladislav Listev 60 yoshga to‘lgan bo‘lar edi

Jamiyat 15:41 / 10.05.2016 4616

1956 yil 10 mayida rossiyalik teleboshlovchi hamda jurnalist Vladislav Nikolayevich Listev tug‘ilgan kun. 

U sport yo‘nalishi bo‘yicha maktab-internatni tugatgach, (yengil atletika bo‘yicha sport ustaligiga nomzod),  «Spartak» sport jamiyatida jismoniy tarbiya bo‘yicha instruktor bo‘lib ishlagan, Moskva yaqinidagi Taman gvardiya diviziyasida harbiy xizmatni o‘tagan. 

Ishchilar fakultetini tamomlagach, MDU jurnalistika fakultetining xalqaro bo‘limini yakunladi. Vladislav 1982 yildan sobiq ittifoq davlat teleradiosining tashviqot bosh redaksiyasining xorijiy davlatlarga radioeshittirishlar muharriri bo‘lib ishlay boshlagan. 

1987 yildan Markaziy televideniyening yoshlar redaksiyasiga «Vzglyad» ko‘rsatuvi boshlovchilaridan biri sifatida ishga o‘tdi. Hamkasblari bilan birga birinchi kanal uchun ko‘rsatuvlar tayyorlagan VID telekompaniyasiga asos soldi. 

Listev 1991 yildan telekompaniya bosh prodyuseri, 1993 yildan uning prezidenti  bo‘ldi. Vlad VID telekompaniyasidagi faoliyati davomida «Pole chudes», «Tema» va «Chas pik» kabi ko‘plab ko‘rsatuvlarning muallifi va boshlovchisi bo‘ldi. 

Bundan tashqari, KVN oliy ligasi hakamlar hay'atiga taklif etilgan. Vladislav Nikolayevich 1995 yildan VID telekompaniyasidan ORT telekanaliga ishga o‘tdi. Bu yerda u bosh direktor lavozimini egalladi. Uning ulkan rejalari, ajoyib tajriba va iqtidori bor edi. Listev bir necha yillar ichida «Ostankino»da ommabop ko‘ngilochar televideniyesini tashkil eta olgan edi.  

Jurnalist barcha rejalarini amalga oshirolganida balkim bugungi kunda Rossiyada boshqacha televideniyeni ko‘rgan bo‘lar edik. Ammo 1995 yil 1 mart kuni kechqurun, yangi lavozimiga tayinlanganidan so‘ng 34 kun o‘tgach,  Vlad Listev uyining ostonasida o‘ldirib ketildi. Shu munosabat bilan teleko‘rsatuvlar to‘xtatildi, 2 mart kuni ekranlarda jurnalistning surati qo‘yilgan va «Vladislav Listev o‘ldirildi», degan yozuv efirga uzatildi. 

Garchi huquq-tatibot idoralarining bir necha bor bergan balandparvoz bayonotlariga qaramay, jinoiy ish ochilmay qoldi, na qotillar, na buyurtmachilar topildi. 2010 yilda esa ushbu ish bo‘yicha muddat poyoniga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: