Myunxenning «Bavariya» jamoasi kun davomidagi ikkinchi transfer amalga oshirilgani haqida ma'lumot berdi. Jamoa rasmiy saytida «Borussiya»dan himoyachi Mats Hummels transfer qilingani haqida xabar berildi.
Myunxenliklar klubi 27 yoshli futbolchi bilan 2021 yilning 30 iyunigacha bitim tuzgan.
«Biz Mats Hummels «Bavariya» foydasi uchun qaror qabul qilganidan xursandmiz. Mats – dunyoning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri, uning yordamida biz jamoaning darajasini yangi mavqeiga olib chiqamiz», – deya transferga izoh berib o‘tgan «Bavariya» direktorlar kengashi raisi Karl-Xaynts Rummenigge.
Tomonlar futbolchining transfer summasi borasida ochiq ma'lumot bermaslikka kelishib olishgan.
Bundan oldinroq dortmundliklar rahbariyati vakili Xans-Yoaxim Vattske futbolchining myunxenliklar jamoasi safiga o‘tishni istayotgani, uning transferi qiymati taxminan 35-38 mln yevro bo‘lishi haqida xabar bergandi.
Joriy mavsumda Hummels bundesliganing 29 uchrashuvida maydonga tushib, 2ta gol urdi va 2ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.