O‘zMUda “Tinch va osoyishta hayot gashti” deb nomlangan ma'rifiy tadbir to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazildi

O‘zbekiston 17:48 / 08.05.2016 8631

Tinch va osoyishta hayot qanchalik gashtli ekanini ortiqcha izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan har yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida qator ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilishi o‘ziga xos an'anaga aylangan.

Aytish joizki, umrini ilm-ma'rifat va murabbiylikka baxshida etgan o‘nlab ustozlar ikkinchi jahon urushida va front ortida xizmat qilganlar. Bugun bu tabarruk insonlarning diltortar suhbatlaridan bahramand bo‘lish kishiga olam-olam zavq bag‘ishlaydi. Ana shunday aziz otaxon ustozlar bilan 7 may kuni to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazilgan ma'rifiy tadbir “Tinch va osoyishta hayot gashti” deb nomlandi.

– Ikkinchi jahon urushida va baynalmilal janglarda jasorat ko‘rsatgan otalar xotirasini yod etib, ularning ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarni e'zozlash muqaddas burchimizdir,– dedi O‘zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov.– Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan momolarimizga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yorqin ifodasidir. Biz o‘sha olovli janggohlarda jasorat ko‘rsatib qaytgach, uzoq yillar universitetimizda faoliyat ko‘rsatgan otaxon ustozlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Aytish o‘rinliki, O‘zMU murabbiylari va talabalari bayram oldidan ana shunday tabarruk ustozlarning xonadonlariga borishib, holidan xabar oldilar va qutlug‘ sana munosabati bilan sovg‘alar ulashdilar.

Bugun to‘kin dasturxon atrofida davom etgan ma'rifiy tadbir ham nuroniy ustozlarga olam-olam zavq baxsh etdi.

– Shu ulug‘ ayyomda biz avvalo Vatan, kelgusi avlodlar hayoti uchun jonini qurbon qilgan mard va jasur quroldoshlarimiz ruhi oldida bosh egamiz,– deydi bu yil 90 bahorini qarshilagan urush nogironi, Jurnalistika fakultetida uzoq yillar dekan va boshqa lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan dotsent Anvar Shomaqsudov.– Buyuk g‘alabaga erishganimizga 71 yil bo‘lishiga qaramasdan xalqimiz o‘sha mudhish kunlarni alam, armon, iztirob bilan eslashi bejiz emas. Bugungidek yodimda, urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 million yigitlar qo‘llariga qurol olib, qirg‘inbarot janglarga ketgan. Ulardan 500 mingga yaqini urushdan qaytmagan... Tirik qaytganlarining ham qanchasi mayib-majruh, qo‘lsiz yoki oyoqsiz edi... Toleimizda jonajon O‘zbekistonimizni mustaqil davlat sifatida ko‘rish ham bor ekan, bu qanchalik beqiyos baxt ekanini ta'riflashga til ojizlik qiladi. Shunday ekan, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetib, har lahzamizni ezgulikka, bunyodkorlikka, ijodga va boshqa yaxshi ishlarga baxshida etishimiz ham farz, ham qarzdir.

Bu yil 94 bahorini qarshi olgan O‘zMU professori, taniqli faylasuf olim Abdulla Ayupovning sochlari aynan ikkinchi jahon urushida oqarib ketgani haqida tengdosh do‘stlari va shogirdlari yaxshi biladilar. 24 yoshida olovli janglarda tankni boshqarib borayotgan yigitlar dahshatli portlashga duch keladi. Olov ichida qolgan jasur o‘zbek o‘g‘loni tashqari chiqqanida ham fashist-gazandalari bilan mardlarcha olishishga to‘g‘ri keladi. Bir nechta gazandani yer bilan yakson qilgach, u boshidan kaskasini olganida safdoshlari qotib qoladilar. Negaki, Abdullaning sochlari o‘sha lahzalarda oppoq bo‘lib qolgandi...

– Bugungi dorilomon kunlarimizga harqancha shukronalar qilsak arziydi,– deydi urush veterani Abdulla Ayupov.– Tinch va osoyishta hayotimizda men aziz Yurtboshimiz Islom Karimovning g‘amxo‘rliklarini hamisha dildan his etaman. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, hayotning o‘zi bir haqiqatni takror va takror isbotlab bermoqda. Ya'ni tarixni bilmagan, tarixni unutgan, tarixdan xulosa chiqarmagan har qanday inson, har qanday xalq o‘z yo‘lidan adashishi, bir vaqtlar yo‘l qo‘ygan xatolarini yana takrorlashi mumkin. Biz bugun qanday shiddat bilan o‘zgarib, yon-atrofimizda qarama-qarshilik, xavf-xatarlar kuchayib borayotgan notinch zamonda yashayotganimizni kuzatish va anglash qiyin emas. Endi O‘zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday ulkan, boshqalarning havasini tortadigan yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasining negizi — yurtimizda tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizda. Albatta, tinch va osoyishta hayot, barqarorlik o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun barchamiz shu musaffo osmonni saqlash, asrash uchun kurashishimiz, fidoyilik ko‘rsatishimiz darkor.

 

Ma'naviy-ma'rifiy tadbirda so‘zga chiqqan boshqa veterenlar ham tinchlik va osoyishta hayotimiz abadiy bo‘lishi uchun barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz mudom ogoh hamda sergak bo‘lishlari lozimligini ta'kidladilar.

Tadbir davomida dilrabo kuy-qo‘shiqlar davraga yanada fayz kiritdi.

Ulug‘bek Usmonov,

O‘zMU Oliy jurnalistika kursi magistranti

Ko‘proq yangiliklar: