Shimoliy Koreya yadroviy qurol-aslaha ega mas'uliyatli davlat sifatida "yadroviy qurol-aslahani tarqatmaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajaradi", deb aytdi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyanda bo‘lib o‘tayotgan Koreya Mehnat partiyasining 7-qurultoyida. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.
Kim Chen In mamlakat "yadroviy qurolni xuddi shunday qurolga ega dushman tajovuzkor kuchlari tomonidan suvereniteti buzilsagina ishlatishi mumkinligini" ta'kidlab o‘tdi.
Shimoliy Koreya yetakchisi Shimoliy Koreya hukumati va Mehnat partiyasi "hattoki o‘tmishda Shimoliy Koreyaga dushmanlarcha munosabatda bo‘lgan, biroq endilikda mamlakatning mustaqilligini hurmat qiluvchi" barcha davlatlar bilan munosabatlarni normallashtirish va rivojlantirishga tayyorligini ma'lum qildi.
"Shimoliy Koreyaning boshqa davlatlar bilan munosabatlari mamlakatni yakkalab, uni bo‘g‘moqchi bo‘layotgan AQSh va uning tarafdorlarining dushmanlarcha siyosatiga qaramasdan rivojlanib borgan", deb aytdi Shimoliy Koreya yetakchisi.
Ta'kidlanishicha, Kim Chen In Shimoliy Koreya va Janubiy Koreyaning birlashishi bo‘yicha aniq topshiriqlar qo‘ydi va "partiya tomonidan mamlakatlarni birlashtirish bo‘yicha anchagina ishlar qilinganini" ta'kidlab o‘tdi.
Kim Chen In mart oyida Shimoliy Koreya o‘zining ballistik raketalarini yadroviy zaryadlar bilan jihozlay olishga qodirligini aytgandi va AQShga yadroviy zarba berish bilan tahqid qilgandi. Shimoliy Koreya avvalroq vodorod bombasining sinovdan o‘tkazilishini mamlakatining AQSh va uning tarafdorlari keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan yadroviy urush tahdidi oldida "o‘zini himoya qilishga harakati" deb aytgandi.