Samarqand viloyatida ham fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston 17:48 / 08.05.2016 14175

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining shu yil 5 martdagi qaroriga muvofiq, Samarqand viloyatida ham fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi o‘tkazilmoqda.

Viloyatdagi 1245 fuqarolar yig‘inida ushbu muhim jarayonga puxta hozirlik ko‘rildi. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, tuman va shahar komissiyalari, ishchi guruhlar tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Mahallada yashovchi faol va tashabbuskor kishilar orasidan fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlar ko‘rsatildi. Har bir ko‘cha, qishloqdan vakillar yig‘ilishida ishtirok etuvchilar ro‘yxati shakllantirildi.

Jomboy tumanidagi "Sarichashma" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilarini saylashga bag‘ishlangan vakillar yig‘ilishida 41 saylovchi ishtirok etdi. Fuqarolar yig‘ini raisligiga ko‘rsatilgan ikki nomzodga amaldagi tartib asosida so‘z berildi.

Nomzodlar o‘z dastur va maqsadlari bilan saylovchilarni tanishtirdi, obodonlashtirish, hududda kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar bandligini ta'minlash, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritdi. Savollarga javob qaytardi.

Yopiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Nodirov "Sarichashma" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi maslahatchilari lavozimlariga ko‘rsatilgan 16 nomzod orasidan 8 nafari ochiq ovoz berish shaklida maslahatchilikka saylandi.

– Mahalla fuqarolar yig‘inida mas'ul kotib vazifasida 20 yilga yaqin faoliyat yuritdim, – deydi "Sarichashma" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi U.Nodirov. – Mahalla hayoti va aholining turmush tarzi bilan tanishman. Mahalladoshlarim meni raislikka munosib ko‘rgan ekan, ish faoliyatimda ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman.

Viloyatdagi fuqarolar yig‘inlarida saylov davom etmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: