Angliyaning "Lester" klubi bosh murabbiysi Klaudio Raneri o‘tgan mavsumning italiyalik eng yaxshi murabbiysi deb topilib, unga 5 ming yevro mukofot puli tayinlangandi. U bu pullarni Stefano Borgonovo nomidagi amiotrofik skleroz bilan kurashuvchi fondga taqdim qiladi. Bu haqida Football Italia portali ma'lum qildi.
Borgonovo - italiyalik futbolchi, 1989-1990 yillar Chempionlar kubogi hamda "Milan" tarkibida 1989 yilgi UYeFA superkubogi sohibi. Borgonovo 2013 yilning iyunida 49 yoshida vafot etdi. Hayotining so‘nggi yillarida u amiotrofik sklerozdan azob chekkan va butunlay shol bo‘lgan.
"Murabbiy Ranerining Bearzot mukofotini Stefano Borgonovo nomidagi xayriya fondiga topshirishi biz uchun kutilmagan yoqimli yangilik bo‘ldi. Biz murabbiyning otam va uning kasallik bilan kurashganini yodga olganidan juda xursandmiz. Raneri otamiz xasta paytlarida undan xabar olgan va doimo qo‘llab-quvvatlagan. Fondimizni qo‘llash qarori u uchun nafaqat maydondagi voqealar, balki undan tashqaridagi ishlarning ham muhimligidan dalolat beradi", - dedi Borgonovoning qizi Alessandra, fond asoschilaridan biri.
9 May kuni Rim shahrida Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) tomonidan o‘tgan mavsumning eng yaxshi murabbiysiga topshiriladigan Entso Bearzot mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu yil ushbu nufuzli mukofot "Lester" jamoasi bilan Angliya chempionatida g‘alabaga erishgan Raneriga nasib etdi.
Ushbu mukofot Ranerining birinchi chempionlik mukofotidir. Unga qadar 64 yoshli italiyalik mutaxassis Ispaniya ("Valensiya", "Atletiko"), Italiya ("Parma", "Yuventus", "Roma", "Inter", Fiorentina", "Napoli", "Kalyari"), Fransiya ("Monako"), Angliya ("Chelsi") chempionatlarida faoliyat ko‘rsatgan, ammo hech bir jamoada milliy birinchilikni qo‘lga kiritmagan.