O‘zbekiston milliy madhiyasi muallifi 100 yoshda

Jamiyat 16:30 / 07.05.2016 18389

Kuni kecha barcha tashkilot,  korxona, ta'lim muassasalari va mahallalararo O‘zbekiston madhiyasi  musiqasi muallifi, bastakorlar maktabining asoschisi  Mutal Burxonov xotirasiga bag‘ishlangan  badiiy oqshomlar  o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan uyushtirilgan, o‘zbek musiqa san'at ustasining  yorqin xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy amaliy-anjumani o‘tkazilib, unda  O‘zbekistondagi bir qator ijodiy tashkilotlar va  Bastakorlar uyushmasi a'zolari, taniqli ilm-fan va san'at arboblari  ishtirok etdi. 

Ushbu ilmiy-amaliy anjumanda Mutal Burxonovning Milliy musiqa san'ati va madaniyatiga qo‘shgan hissasi yuqori baholandi. 

Bastakor Mutal (Mutavakkil) Burxonov 1916 yilda Buxoroda tug‘ilgan. Musiqadan ilk saboqni Samarqand musiqa va xoreografiya institutida, so‘ng Moskvada taniqli musiqa allomalaridan olgan. 1949 yilda esa Moskva konservatoriyasini bitirgan. 

M. Burxonov ijodiy faoliyatini 30-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, dastlab «Ey, bulbul», «Ishq o‘ti» (Mashrab), «Ishqida» (Uyg‘un), «Tabassum qilmading» (Navoiy), «Namedonam chi nom dorad» (Hofiz) kabi romanlarni yozdi, 1941 yilda Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy» she'riy dramasiga musiqa, 1942 yilda T. Jalilov, T. Sodiqov, M. Vaynberg, A. Klumovlar bilan hamkorlikda «O‘zbekiston qilichi» musiqali dramasiga musiqa bastalagan, 1947 yilda shoir Temur Fattoh she'ri asosida O‘zbekiston Davlat madhiyasi musiqasini yaratgan. O‘rta Osiyo xalqlari qo‘shiqlarini o‘zbek xalq cholg‘u asboblari va jo‘rsiz xor uchun qayta ishlagan. «Samolyot» (H. Olimjon), «Kapalak» (3. Diyor), «Vatan qo‘shig‘i», «Ashula bayrami» (G‘. G‘ulom) kabi mashhur bolalar qo‘shiqlarining ham muallifi hamdir.

Bastakor 50-yillarda «Bahor qushlari» vokal poema, «Abu Ali ibn Sino» simfonik syuita, yakkaxonlar, xor va simfonik orkestr uchun asarlar hamda 1968 yilda «Alisher Navoiyga qasida» (A. Oripov) kabi katta shakldagi musiqa asarini yaratgan. Uning yarim asrdan ziyod davr mobaynida turli janrlarda yaratgan qo‘shiqlari, lirik romanlari, jo‘rsiz xor uchun qayta ishlangan Sharq xalqlari kuylari, jozibali vokal simfonik asarlari, kino musiqalari zamonaviy musiqa san'atimizning «Oltin xazina»sidan o‘rin olgan. 

«Abu Ali ibn Sino», «Samolyotlar qo‘nolmadi», «Maftuningman», «Orol baliqchilari» (I. Ikromov, M. Leviyevlar bilan hamkorlikda), «Surayyo», «Boy ila xizmatchi», «Istiqbol yo‘li» kabi badiiy filmlarning musiqalarini yaratgan. 

«Alisher Navoiy» (1991) operasini, O‘zbekiston Davlat madhiyasi musiqasini yaratgan. Abdurahmon Jomiy she'riga bastalangan «Shiru shakar» yangi qo‘shig‘i va qatag‘on yillarida shahid bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat kabi elning asl farzandlari va o‘zining akasi va amakilarining porloq xotiralariga bag‘ishlangan «Abadiy xotira» rekviyem-marsiyasini yaratgan. 

Ko‘plab o‘zbek, qoraqalpoq, uyg‘urcha, qozoq, afg‘on, tojik va fors xalqi musiqalarini xor va yakkaxon ijro uchun yozib, musiqa san'atining boyishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan Mutal Burxonov hayot bo‘lganida bu yil 100 yoshni qarshi olgan bo‘lar edi. 

O‘zbekiston Davlat madhiyasi musiqasini yaratgan taniqli bastakor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi M. Burhonov «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, «Buyuk xizmatlari uchun»,  “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Davlat mukofotlari sohibidir. 
Kompozitor 2002 yil olamdan ko‘z yumdi.

Ko‘proq yangiliklar: