1976 yilda tug‘ilgan Farhod Suyarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va 1990 yilda tug‘ilgan Salim Ashirov va Muhsin Raupovlar o‘zaro til biriktirib pul topishning antiqa rejasini tuzdilar. Bunga ko‘ra ushbu guruh a'zolari Farhod boshqaruvchidagi oq rangli “Spark” avtomashinasining old va orqa davlat raqami belgilarini yechib olib “nishonga olingan mijoz”ni bo‘ynidagi tilla zanjirini yulib qochib, raqamsiz mashinaga o‘tirib voqea joyini tark etish kabi ko‘plab jinoyatlarni sodir etish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Bir safar Olmazor tumanidagi ikki nafar ayolning bo‘yniga chang solib zanjirni yulib qochgancha mashinaga o‘tirib juftakni rostladilar. Ertasi kuni Salim Farhod bozori yaqinida bir notanish ayolga o‘g‘rilangan zanjirni o‘zimniki deb 1200000 so‘mga sotib pulini Muhsin bilan teng bo‘lib, Farhod akasiga mashina uchun 50000 so‘m pulni tashlab o‘tdi.
Olmazor tumani “Huvaydo” to‘yxonasidan chiqqan ayolni uyiga kirishga 50 metr ham qolmagan ediki, Muhsin orqa tomondan kelib ayolning bo‘ynidagi zanjirini yulib olib qochdi. “O‘lja”ning pulini, ya'ni 2500000 so‘mni teng uchga bo‘lib, pulni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishdi.
Ular Olmazor tumanidagi Qoraqamish 2-4 dahasi orqali Taraqqiyot ko‘chasi bo‘ylab mashinani boshqarib keta turib Salim yo‘l chetidan ketayotgan ayolga ko‘zi tushdi. Muhsin esa ayolning bo‘ynidagi tilla zanjirni yulib mashinaga chopib kelib o‘tirib, tezroq haydashni buyurdi. Salim mashinani KHAY bo‘ylab boshqarib, Nurafshon ko‘chasiga yetmasdan mahalla ichiga kirib, bir chetga to‘xtab, mashinaning davlat raqamlarini taqib yana yo‘lida davom etdi. Shu kunning o‘zida tilla zanjirni 1500000 so‘mga sotib, har ikkisi teng yarimdan bo‘lishib, mashina uchun Farhodga ham 100000 so‘m pulni mashina bilan birga olib kelib berishdi.
Bir safar ular kuch ishlatib, “Neksiya” rusumli avtomashina egasidan 4500000 so‘m pulni olib ham qo‘yishadi.
Biroq “Harom luqma osh bo‘lmas”, deganlaridek. Tutqich bermas beboshlarning bu qilmishlariga ham osoyishtalik posbonlari tomonidan chek qo‘yildi. Tergov davomida esa bu jinoiy guruhning barcha kirdikorlari birma-bir fosh etildi.