Rimning "Roma" futbol klubining hujumchisi va sardori, afsonaviy Franchesko Totti jamoa bilan shartnomasini 2017 yil yozigacha uzaytiradi. Bu haqda Corriere dello Sport italyan gazetasi ma'lum qildi.
Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli futbolchi bilan shartnoma yaqin orada tuziladi. Nashrning ma'lum qilishicha, yangi shartnoma muddati tugagach, Totti jamoaning murabbiylik shtabi tarkibiga kiradi.
Avvalroq futbolchi italyan telekanaliga bergan intervyusida, jamoaning yangi bosh murabbiyi Luchano Spalletti boshchiligida kam o‘yin vaqti olayotgani va vaziyat o‘zgarmasa, faoliyatini tugatishi mumkinligini aytgandi. Keyinroq Football Italia nashri tomonlar o‘rtasidagi ixtilof hal qilinganini ma'lum qilgandi.
Joriy mavsumda Totti "Roma" safida barcha musobaqalarda 13 ta o‘yin o‘tkazib, 5 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Futbolchi Rim klubi uchun 1993 yildan beri to‘p surib keladi.