Zika bezgagiga chalinish darajasi Nikaraguada asta-sekinlik bilan o‘sib bormoqda. Hozirga qadar mamlakatda bu virusga yo‘liqqanlar soni 180dan ortiqni tashkil qildi, ulardan 32 nafari homilador ayollardir. Bu haqida 6 may kuni respublika hukumatining rasmiy vakili Rosario Murilo ma'lum qilgan.
"Umumiy hisobda Zika virusiga chalingan 182ta holat qayd etilmoqda", - dedi Murilo. Shuningdek, u yomg‘ir mavsumining erta boshlanishi nafaqat Zika, balki denge va chikungunya bezgaklari bilan kasallanish holatlarining odatdagidan ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi. 2015 yilda bu mavsum oktabr oyiga to‘g‘ri kelgan, joriy yilda esa u avgust yoki sentabrda boshlanishi mumkin. Murilo aholini tegishli vazirlik va idora vakillari bilan birgalikda bu kasalliklar bilan kurashda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Bir qator mamlakatlar, jumladan, AQSh va Braziliya olimlari Zika virusining homila rivojlanishida turli to‘siqlar paydo qilishini taxmin qilishmoqda. Bu esa o‘z o‘rnida mikrotsefaliya - bosh suyagi hajmining sezilarli darajada kichrayishi natijasidagi esi pastlik, ko‘rish va eshitish bilan bog‘liq muammolarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
Zika bezgagi epidemiyasi ro‘y bergan Braziliyada homiladorlik davrida u bilan kasallanish natijasida yuzlab mikrotsefaliya holatlari qayd qilingan.