Britaniyaning The Metro nashrining ma'lum qilishicha, Misr davlat axborot xizmati boshlig‘i Saloh Abdulsodiq AQShda ishlangan, bolalar sevib tomosha qiladigan mushuk Tom va sichqoncha Jyerrining sarguzashtlari haqidagi multfilmni IShID terrorchilik guruhining avj olishiga ko‘mak berishda aybladi.
Abdulsodiq bu haqda Qohira universitetidagi nutqida aytib o‘tdi.
Uning aytishicha, bu multserial bolalarni zo‘ravonlikka befarq qiladi. Amaldorning fikricha, bu qisman IShID g‘oyalarining tarqalishiga olib kelgan.
"Bu multfilmda zo‘ravonlik bir qiziq narsadek ko‘rsatilgan, tomoshabinda "ha, men ham ura olaman, men ham portlata olaman" degan fikr uyg‘onadi. Bunday g‘oyalar ongga singib qoladi va tabiiy holatdek qabul qilinadi", deb aytdi Abdulsodiq.
Misr OAVida amaldorning bunday ayblovi Misr hukumati multfilmni taqiqlash bo‘yicha qandaydir choralar ko‘rishini anglatmasligi ta'kidlab o‘tildi.
"Tom va Jyerri" qisqa metrajli multfilmlardan iborat multserial bo‘lib, 1940 yilda amerikalik animatorlar Uilyam Xanna va Jozef Barbera tomonidan yaratilgan. Multfilm syujyeti mushuk Tom va sichqoncha Jyerrining o‘zaro qarama-qarshiligiga qurilgan. Multfilmning ko‘plab epizodlari zo‘ravonlik va shafqatsizlik namoyishi uchun tanqid qilingan. Multfilm butun tarixi davomida "Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film" yo‘nalishida 7 ta "Oskar" mukofotini bilan taqdirlangan.