Kanada rasmiylari Britaniya Kolumbiyasi viloyatida kuzatilayotgan o‘rmon yong‘inlari bois maxaliy aholini xavfsiz joyga olib chiqa boshladi. O‘rmon yong‘inlari minglab kishilarning xayotini izdan chiqaprib yubordi. Viloyat shimoliy-sharqidagi Fort-Sent-Djon shahridan 500dan ortiq kishi olib chiqildi. Blyuberri-River aholi punktidan ham shuncha aholi olib chiqilgani aytilmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, bundan avval o‘tgan yakshanbadan boshlab mamlakat g‘arbidagi Alberta viloyatida o‘rmon yong‘inlari boshlangani xaqida xabar tarqatilgan edi. Mazkur viloyatning asosan hindular istiqomat qiladigan Fort-Mak-Myurrey shahri yaqinida yong‘inlar hamon bartaraf etilganicha yo‘q. Viloyat rasmiylari shahar atrofida favqulotda holat joriy qilishga majbur bo‘ldi. Shaharda istiqomat qilayotgan 80 mingdan ortiq kishi xavfsiz joyga olib chiqildi. Odamlar Fort-Makmyurrey shahridan 300 kilometr uzoqlikdagi Lak la-Bish shahriga yetib keldi. Fort-Makmyurrey shahridagi aeroportga samolyotlar qo‘nmayapti. Uchish-qo‘nish maydonchalaridan odamlarni xavfsiz joyga olib chiqishda foydalanilmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, shahardagi bir ming 600 dan ortiq xonadon yonib kulga aylangan. Qurbonlar hamda jarohat olganlar haqida hozircha xabar tarqatilmadi. Alberta viloyatida kuzatilayotgan 49ta yong‘in o‘chog‘ini bartaraf etishga 1 ming 110 nafar o‘t o‘chiruvchi, 145 ta vertolyot, 138 dona og‘ir texnika va 22 ta samolyot-sisterna jalb qilindi. Tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra o‘t o‘chiruvchilar 7 ta yong‘in o‘chog‘i ustidan nazoratni yo‘qotgan.
O‘rmon yong‘inlari Alberta viloyatining 100 ming gektar xududini qamrab oldi. Bundan avval 85 ming gektar xudud alanga ichida qolgani aytilgan edi.
Mutaxassislarning fikricha, o‘rmon yong‘inlari sug‘urta kompaniyalari uchun qimmatga tushadi. Hozircha bu raqam 7 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida ko‘rilmoqda. Shu tariqa mamlakat tarixida eng qimmatga tushgan tabiiy ofat Alberta viloyatida qayd qilindi. Eslatib o‘tamiz, 2011 yil Alberta viloyatining Sleyv-Leyk shahrida yuz bergan yong‘in oqibatida 374 ta bino yonib kulga aylangan, 19 mingta uy qisman vayron bo‘lgan edi. O‘shanda sug‘urta kompaniyalari jabrdiydalarga 500 million dollardan ortiq pul bergan edi. Ayni damda yong‘in kuzatilayotgan Fort-Mak-Myurrey shahri esa Sleyv-Leyk shahridan o‘n barobar katta bo‘lib, ko‘riladigan zarar ham ancha ko‘p bo‘ladi. Tahlilchilar bu galgi yong‘in Kanada tarixidagi eng yirik tabiiy ofat bo‘lib qolishini aytishmoqda.
Alberta viloyatidagi yong‘inlar mamlakatdagi neft qazib oluvchi quvvatlarning uchdan bir qismini ishdan chiqardi. Ayrim quvurlar berkitildi. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, Alberta viloyatida Kanadadagi asosiy neft konlari joylashgan. Mutaxassislarning aytishicha, alanga keng tarqalayotgani bois payshanba kuni bir kechayu kunduzda 640 ming barrelni tashkil qiluvchi loyixalar to‘xtatilgan. Ayrim neft konlari yong‘in kuzatilayotgan xududlarda joylashmagan bo‘lishiga qaramay, yettita kompaniya va ikkita operator o‘z xodimlari xavfsizligini ta'minlash maqsadida faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Jumladan, ConocoPhillips faoliyatini to‘xtatib, xodimlarini xavfsiz joyga olib chiqdi. Xitoyning CNOOC kompaniyasiga tegishli Nexen Energy ham neft qazib olish borasidagi Long Lake loyihasini to‘xtatdi. Bir kunda 350 ming barrel neft qazib oladigan Suncor Energy ham Fort-Makmyurrey yaqinidagi kondagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi.
Hozircha ob-havo bo‘yicha mutaxassislar ko‘ngilni ko‘taruvchi so‘zlarni aytishmayapti. Ularning fikricha shanba va yakshanba kunlari shamol kuchayadi. Bu o‘z-o‘zidan alangalarning keng qamrovli tus olishini anglatadi. Ayni damda mintaqada shamolning tezligi bir soniyada 20 metrni tashkil qilmoqda. Buning ustiga kunlar isib ketgan. Qutqaruv xizmatlari bunday vaziyatda “tilsiz yov”ga qarshi samarali kurash olib borishning imkoniyati yo‘qligini tan olishmoqda.
Kanadaga bir qator mamlakatlar o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda yordam berish taklifi bilan chiqdi. Ayni damda bu takliflar o‘rganib chiqilmoqda. Bu haqda Kanada jamoat xavfsizligi va fuqoro mudofasi vazirligining vakili Milen Kroto ma'lum qildi. Kanada milliy xokkey ligasi (NXL) Qizil Xoch tashkilotiga 100 ming dollar miqdorida mablag‘ berdi.
Sharofidin To‘laganov