Armaniston AESi Metsamor shahri yaqinida barpo etilgan bo‘lib, VVER-440 reaktorlari o‘rnatilgan ikkita energoblokdan iborat. Bitta blokning issiqlik quvvati 1375 MVt, elektr quvvati esa 440 MVtga teng.
Armanistonda AES qurilishi bilan bog‘liq masala 1966 yil avgustida ko‘tarib chiqilgan va 1969 yil avgustida tasdiqlangan edi. Birinchi energoblok 1976 yil dekabrida, ikkinchisi esa 1980 yil yanvarida foydalanishga topshirilgan. 1983 yilda esa uchinchi va to‘rtinchi energobloklarning qurilishi boshlandi. Ammo 1986 yilda Chernobyl AESida yuz bergan fojyeadan so‘ng qurilish ishlari to‘xtatildi.
Metsamor AESida 1982 yilning 15 oktabr kuni yong‘in chiqdi. Mashina zali ziyon ko‘rdi. Alangani o‘chirish uchun 110 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb qilinib, 7 soatdan keyin bartaraf etildi.
1988 yilning 7 dekabrida Armanistonning shimoliy tumanlarida (Spitak shahrida) 7 ballga teng yer qimirladi. Atom stansiyasi ish qobiliyatini saqlab qolgan bo‘lishiga qaramay respublika xukumati 1989 yilning 15 yanvar kuni birinchi blok faoliyatini 25 fevraldan, ikkinchisi esa 18 martdan to‘xtatilishi borasida qaror qabul qildi. Atom Stantsiyasi Rixter shkallasi bo‘yicha 9,5 balli zilzilaga bardosh berishiga qaramay SSSR va Armaniston xukumati seysmik xududda joylashgani va yana qayta yer qimirlashi ehtimoli borligi uchun uni berkitishga qaror qildi. Biroq, mustaqillikka erishgan Armaniston xukumati energetika sohasidagi vaziyatni hisobga olib 1993 yilning 7 aprelida “Armaniston AESining ikkinchi energoblokini ishga tushirish borasida” qaror qabul qildi. 1995 yilning 5 noyabrida olti yarim yil konservatsiyada bo‘lgan 2 - energoblok ishga tushirildi. 2014 yilning 20 dekabrida Armaniston energetika vaziri Yervand Zaxaryan va “Rosatom” rahbari Sergey Kiriyenko o‘rtasida bitim imzolandi. Unga ko‘ra AES 2 - energoblokining foydalanish muddati yana o‘n yilga—2026 yilga qadar uzaytirildi.
Yevropa Ittifoqi AES konservatsiya qilinishi kerakligini va buning uchun 200 million yevro ajratishga tayyorligini aytib keladi. AESning yopilishi va ekspluatatsiyadan chiqarilishi Yevropa Ittifoqining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu haqda 2014 yildayoq Yevropa Ittifoqining Armanistondagi delegatsiyasi rahbari Trayan Xristya ma'lum qilgan edi. Uning so‘zlariga qaraganda, AES atom xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy xalqaro talablarga mutloqo javob bermaydi. Shu sababli imkon qadar tezroq AES faoliyati ishdan chiqarilishi kerak. 1999 yil sentabrida Armaniston xukumati va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Metsamor AESini 2004 yilga borib berkitish to‘g‘risida bitim imzolangan edi. Armaniston 2001 yil 25 yanvarida Yevropa Kengashiga a'zo bo‘lib kirar ekan, 2004 yilda AESni berkitishga va'da berdi. Yevropa Kengashi bir necha bor bu borada Armanistonga eslatib turgan bo‘lishiga qaramay AES hamon faoloyatini to‘xtatgani yo‘q.
Yevropa Ittifoqi mintaqada 1988 yilda bo‘lgani kabi zilzilalarning takrorlanishidan xavotir olmoqda. 2011 yil mart oyida sunami oqibatida Yaponiyaning “Fukusima 1” AESida yuz bergan fojyeadan so‘ng bu kabi xavotirlar yanada kuchaydi.
Ozarbayjon xukumati ham muntazam ravishda Armaniston AESidan keladigan xavf borasida xalqaro xamjamiyatni ogohlantirib keladi. Bokuning fikricha, Armanistondagi Metsamor Atom Elektrostansiyasi berkitilishi kerak. Chunki mazkur yadro inshoatining mavjudligi mintaqa uchun katta tahdid sifatida ko‘riladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Vashingtonda shu yilning 31 martidan 1 apreligacha bo‘lib o‘tgan Yadro xavfsizligi Sammitida qilgan chiqishida yana bir bor Metsamor Atom Elektrostansiyasi xavfsizligini ta'minlash borasida chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligini ta'kidladi.
Tahlilchilarning fikricha, so‘nggi vaqtlarda dunyoda yadro va radioaktiv materallar kontrabandasi bilan bog‘liq hodisalar kuzatilmoqda. Bu kabi hodisalar Armanistonda ham kuzatilmoqda. Respublikada bir necha bor radioaktiv materiallar kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi fuqorolar qo‘lga olingan. Bu borada 2003 va 2010 yillarda Armaniston xududlariga boyitilgan Uran va Tselsiy 137ni olib kirishga urinilganini ham eslatib o‘tish kerak. Yaqinda Gruziya xududlarida uch nafar Armaniston fuqorosi ushlandi. Ularning xammasi bir vaqtlar Mettsamor AESida ishlagani ma'lum bo‘ldi. Bu gurux a'zolari Yaqin Sharqdagi mamlakatlardan biriga 200 million dollarga teng Uran sotishni rejalashtirishgan edi.
Bundan tashqari Mettsamor AESida ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va chiqindilarining Armaniston tomonidan okkupatsiya qilingan Ozarbayjon xududlariga tashlanayotgani ham aytiladi. Ayni shu xolat mintaqa yadro xavfi bilan to‘qnash kelayotganidan dalolatdir.
Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Elmar Mamed'yarov Vashington sammitida Xalqaro Atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Yukiya Amano bilan uchrashib, mintaqaga tahdid solayotgan Armaniston atom elektrostansiyasi bilan bog‘liq masalalarni muxokamma qildi.
Maboda Metsamor atom elektrostansiyasida fojyea yuz bergudek bo‘lsa, u xolda yirik talofat ko‘rilishi, jumladan poytaxt Yerevan vayron bo‘lishi va Armaniston qishloq xo‘jaligi yaroqsiz xolga kelishi mumkin. Bu xaqda armanistonlik xuquq ximoyachisi Armin Saakyan yozgan maqola Huffington Post nashrida e'lon qilindi. U National Geographic tomonidan jahondagi eng xavfli deya tan olingan Metsamor atom elektrostansiyasi o‘rniga yangisi qurilishi kerakligini ta'kidladi. U yangi AES qurilishi uchun 5 milliard dollar zarurligini ham eslatib o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda Metsamor AESi portlash arafasida turgan bomba ekani aytiladi.
Mutaxassislarning fikricha Metsamor AES texnologik jixatdan Chernobil AESiga o‘xshab ketadi. Ekspluatatsiya muddati 2005 yilgacha edi. Muddat o‘tib ketganiga qaramay uning faoliyati 2026 yilgacha uzaytirildi.
Atom elektrostansiyalari bugungi kunda jahonning 30 mamlakatida mavjud bo‘lib, umumiy hisobda 195 atom elektrostansiyasi faoliyat yuritadi. Shundan 63 tasi AQShda, 19 tasi Fransiyada, 17 tasi Yaponiyada va 10 tasi Rossiyada joylashgan.
Sharofiddin To‘laganov