2017 yili Jazoirda 265 metr balandlikdagi minorali masjid quriladi. Bu haqda The Guardian nashriga asoslanib RIA Novosti xabar berdi.
“Bu masjid qurilishi ekstremistlarga qattiq zarba bo‘ladi. Ular ko‘p yillardan buyon masjidning qurilishiga qarshilik qilib kelmoqda”, - dedi Jazoir qurilish vaziri masjid qurilishi uchun mas'ul maslahatchisi Ahmad Madaniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish g‘oyasi 1962 yili Jazoirning Fransiyadan mustaqillikka erishganida paydo bo‘lgan edi.
Jamaa El-Jazoir masjidi, loyihaga ko‘ra, 120 ming namozxonni sig‘dira oladi. Unda Qur'onni o‘qitish maktabi, islom san'ati va tarixi muzeyi hamda bir million kitobga ega kutubxona joylashadi.
Masjidning qad ko‘tarishi uchun 1,4 milliard dollar miqdorida pul sarflanadi. Biroq ekspertlar loyihaning muvaffaqiyatiga shubha bildirishdi. Ularda Jazoir shahri seysmik xatarli hududda joylashgani xavotir uyg‘otmoqda. 2003 yilda sodir bo‘lgan so‘nggi zilzila taxminan 3 ming kishini hayotdan olib ketgan.
Minora - muazzinning (so‘fi - masjid xizmatchisi) namozxonlarni ibodatga chaqirish uchun azon aytadigan joyi. Bunday minoralar masjidning asosiy binosi yaqinida o‘rnatiladi. Ayni vaqtda dunyodagi eng baland minora Marokashning Kasablanka shahridagi Hasan II masjididagi minora hisoblanadi. Uning balandligi 210 metrni tashkil etadi.