Moskvaning «Spartak» jamoasining hollandiyalik yosh futbolchisi Kuinsi Promes banan tanovul qildi va aksilirqchilik harakatini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda «Chempionat.com» xabar bergan.
Kelib chiqishi surinamlik bo‘lgan 24 yoshli futbolchi «Lukoyl» homiyligi ostida, «Rasizmga qarshi o‘yna» shiori ostida o‘tkazilayotgan bolalar o‘rtasidagi Chempionlar kubogi turnirining faxriy elchisi bo‘lgan.
«Biz turli mamlakatlarda tug‘ilganmiz, bizning terilarimiz ranglari turlicha, biz turli tillarda so‘zlashamiz, lekin futbol tufayli hamisha bir-birimizni tushuna olamiz. Shuning uchun men Rossiyadagi barchani futbolni sevishga chaqiraman va "Spartak" jamoasi muxlislariga ezgu tilaklarimni yo‘llayman», — deya muxlislarga yuzlangan Promes.
«Lukoyl» homiyligidagi bolalar o‘rtasidagi Chempionlar kubogi turniri avgust oyida Moskva shahridagi «Spartak» jamoasining uy stadioni «Otkrytiye Arena»da o‘tkaziladi.
Promes 2014 yildan buyon moskvaliklar jamoasi safida o‘ynab keladi. U Rossiya jamoasiga Niderlandiyaning «Tvente» klubidan kelgan. Promes «Spartak» safida 54 uchrashuvda maydonga tushgan va 27ta gol urgan.