Niderlandiyalik mutaxassis Lui van Gaal "Manchester Yunayted" jamoasi boshqaruvidan ketadigan bo‘lsa, jamoa rahbariyati unga 5 million funt miqdoridagi mablag‘ni kompensatsiya sifatida to‘laydi. Bu haqda The Times nashri xabar yozgan.
Tomonlarning 2014 yilning mayida imzolagan kelishuviga ko‘ra, murabbiyning yillik maoshi miqdori 8 million funt etib belgilangan. Kelishuvga ko‘ra, 64 yoshli murabbiy muddatidan oldin ishdan bo‘shatilsa, yillik ish haqining 66 foizini olishi ko‘rsatilgan, bu esa 5 million funtdan ortiqroqni tashkil etadi.
Bundan oldin "Manchester Yunayted" rahbariyati jamoa ko‘rsatayotgan natijalardan noroziligi aytilgan, bir qator nashrlarda doimiy ravishda van Gaalning mavsum yakunida iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino olib kelinishi haqida xabarlar berilgandi.
Van Gaal "Manchester Yunayted" boshqaruviga 2014 yilning mayida kelgan. 2014/15 yilgi mavsumda jamoa Angliya chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Joriy mavsumda esa "Manchester Yunayted" 35 turda 60 ochko to‘plab, turnir jadvalining 5-pog‘onasini egallab turibdi.