Toshkent viloyatida tug‘ilgan Jamol Nazarov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) 1966 yilda tug‘ilgan Shuhrat Zamirov bilan o‘zoro til biriktirib, 1997 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Shokir Zufarovni ham o‘ziga sherik qilgan holda, 2015 yilning 5 sentabr kuni taxminan kech soat 20:30larda bosqinchilik jinoyatini sodir etadi. Bu haqda “Ogoh” gazetasi yozmoqda.
“Qo‘yliq-1” avtoshohbekati taraflarda bemaqsad daydib yurgan yuqoridagi uch hamtovoq yer osti yo‘lagiga qarab ketayotgan, ko‘rinishdan 23-25 yoshlardagi ikki yigitchani do‘pposlay ketadilar. Ikki yigit yiqilib qolishgach, Jamol ularning cho‘ntaklarini kavlashga tushdi. 1990 yilda tug‘ilgan Botir Sobirovning shimi cho‘ntaklaridan jami 472000 so‘m va 100 AQSh dollari naqd pul, Rahim Turdiyevning cho‘ntagidan esa narxi 400000 so‘mlik “Samsung Galaxy S-2” rusumli uyali telefon apparati va 50000 so‘m pullarini olib, sheriklariga tez ko‘zdan g‘oyib bo‘lish kerakligini aytadi.
Jabrlanuvchilar o‘zlariga kelishgach, Bektemir tumani IIBga voqea yuzasidan tushuntirish berib, ariza bilan murojaat etadilar. Fuqarolar B.Sobirov va R.Turdiyevlarning arizalarini atroflicha o‘rganib, tezda ishga kirishgan ma'sul xodimlar esa ko‘p o‘tmay masalani hal etdilar.
Tungi “shovvozlar”ning har uchalasi ham qo‘lga olinib, so‘roq qilinganida, ularning ayblari to‘liq o‘z isbotini topdi.