Asli Navoiy viloyatidan bo‘lgan Gulruh Bozorova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hayotda to‘g‘ri yo‘lni emas, egrisini tanladi. Hali o‘ttiz yoshni qarshilamay turib uchinchi bor sudning qora kursisidan joy olishga ulgurdi. U 2012 yil va 2013 yilda sodir etgan jinoyatlari uchun Amnistiya aktiga binoan jazodan ozod etilgan edi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Gulruh Toshkentga kirib kelganida kun yarimdan oshib qolgandi. Shu bois tezroq ijaraga turar joy topishni rejalashtirdi. Tanish bilishlariga qo‘ng‘iroq qilib, Yashnabod tumanida Matluba degan ayol uyiga ijaraga qo‘yishi mumkinligidan xabar topdi. Kunni kechiktirmay o‘sha yerga borib joylashgach, xonadonda Zulfiya ismli qiz bilan yashay boshladi.
Xonadoshi Zulfiya ijarada turadigan uyda uning hamma narsasi shundoqqina turardi. Shuning uchun avvaliga stol ustida turgan planshetini olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rgan bo‘ldi. Gulruhning eski qilig‘i qo‘zib, xonadoshiga tegishli 1200 AQSh dollari, 600000 so‘m pullarni, bahosi 400 AQSh dollari bo‘lgan “Text” rusumli bir dona planshetini, 480 AQSh dollari bo‘lgan 4 dona dasturxon, 200 AQSh dollari bo‘lgan 4 dona sochiq, 450000 so‘mlik chamadon, 320000 so‘m bo‘lgan 4 dona “Baginski” rusumli guldon, 250000 so‘mlik qon bosimini o‘lchash moslamasi va shu kabi boshqa narsalarini o‘g‘irlab, Zulfiya Yunusovaga jami 13689677 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashirindi.
Biroq Gulruh Bozorova uzoqqa keta olmadi. Jabrlanuvchilarning arizasiga binoan ushbu o‘g‘rilik yuzasidan olib borilgan surishtiruv-qidiruv tadbirlari besamar ketmay, o‘g‘ri ayol qo‘lga olindi.