Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola va jamoa shifokorlar xizmati bilan o‘rtasida navbatdagi kelishmovchilik yuzaga keldi, deya xabar beradi Bild.
Manba bergan xabarga ko‘ra, Chempionlar Ligasining 1/2 finalida «Atletiko»ga qarshi javob uchrashuvidan keyin ispaniyalik mutaxassis kiyim almashtirish xonasida shifokorlarga qarata: «Atletiko»da Godin tezda oyoqqa turdi. Nega bizda bunaqa bo‘lmadi?», deya murojaat qilgan.
Shifokorlardan biri Gvardiolaning gapiga jim qarab tura olmagan va unga: «Bunaqa gap bilan odamni kuldirma. Sening ixtiyoringda Robben va Badshtuberdan boshqa barcha futbolchilar bor edi», deb javob qaytargan.
Shundan so‘ng vaziyat keskinlashgan, faqatgina Frank Riberining aralashuvi bilan mojaroli vaziyat to‘xtatib qolingan.
Eslatib o‘tamiz, «Bavariya» «Atletiko» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, ammo ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagandi.
Gvardiola kelgusi mavsumdan boshlab «Manchester Siti»ni boshqaradi. «Bavariya»da esa uning o‘rnini «Real»ning sobiq bosh murabbiyi Karlo Anchelotti egallaydi.