Suriyaning shimolidagi Idlib viloyati hududidagi qochqinlar lageriga havo zarbalari berilishi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan va 80dan ortiq kishi jarohatlangan. Bu haqda BMT bosh kotibining insonparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Stiven O'Brayyen ma'lum qilgan.
U voqea yuzasidan zudlik bilan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
Lagerga berilgan havo zarbalari haqida bundan oldinroq Associated Press agentligi Suriyadagi inson huquqlari himoyachilariga asoslanib xabar tarqatgandi. Manbalar bu hujum Suriya hukumati samolyotlari tomonidan amalga oshirilganini ta'kidlashgan. Rasmiy Damashq esa bu xabarlarni bir necha marta inkor etgan.
Hujum oqibatida halok bo‘lganlarning aksari ayollar va bolalar ekani, hududda o‘nlab chodirlar yaroqsiz ahvolga tushgani aytilgan.
"Agar tinch aholi vakillari ustiga qilingan bu hujum oldindan rejalashtirilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, bu hujum harbiy jinoyat sifatida baholanadi", degan O'Brayyen.
U Suriyadagi ziddiyatning barcha tomonlari "xalqaro gumanitar huquqlarni buzmaslik tartibiga rioya etish zarurligini anglashi lozimligi"ni aytgan.
BMT bosh kotibi o‘rinbosarining aytishicha, harbiy ziddiyat tomonlarining barchasi tinch aholi vakillariga hujum qilishdan tiyilishi zarurligini ta'kidlagan.
"Zamonaviy harbiy texnologiyalar evaziga bu borada xato qilish ehtimollari deyarli yo‘q", deya hisoblaydi u.
Qayd etilishicha, shu yilning o‘zida quruqlikdagi qurolli to‘qnashuvlar va havodan berilayotgan zarbalar tufayli minglab suriyaliklar o‘z uylarini tashlab ketgan. Yana millionlab kishilar esa qamal sharoitida, oziq-ovqat ta'minoti hamda tibbiy yordamlardan uzilib qolgan.