Amerikaning Apple kompaniyasi tadbirkorlarning iPhone va iPad mahsulotlariga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish niyatida. U Germaniyaning SAP kompaniyasi bilan hamkorlikda iOS negizida ishlaydigan bir nechta korporativ mobil ilovalar hamda boshqa kompaniyalar foydalanishi uchun maxsus dasturlar ishlab chiqarishni rejalashtirayapti.
Shunga ko‘ra, Apple biznes olami uchun dastur ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan nemis firmasi bilan hamkorlikka erishgan.
Kompaniyalar ilovalar ishlab chiqarishni qulaylashtiruvchi yangi SAP HANA Cloud Platform to‘plami ustida ishlamoqda. U boshqa kompaniyalar, dizaynerlar va ishlab chiqaruvchilarning iPhone va iPad uchun iOS ilovalarini yaratishini qulaylashtiradi.
Bundan tashqari, yil oxirigacha SAP maxsus kurs va treninglar o‘tkazadi, shu bilan birga iOS negizida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun bir nechta korporativ ilovalarini ishlab chiqaradi. Masalan, shifokorlar bemorlarining ahvoli xususida telefonlarida ma'lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi.
Aytish joizki, SAP korporativ ilovalar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyasi hisoblanadi. Jahon korporativ tizimidagi amaliyotlarning 76 foizi mazkur kompaniya orqali o‘tadi. Yangi ishlanmalar natijasida SAP ning 2,5 mln. dan ortiq mijozlariga iOS negizida mobil ilovalari ishlab chiqarish imkoni beriladi.
Financial Times gazetasi ushbu hamkorlikni Apple kompaniyasining iPhone va iPad qurilmalarini katta miqdordagi biznes ilovalari manbaiga aylantirish istagi bilan izohlamoqda.