Portugaliyadagi futbol klubi xo‘jayini bo‘lgan rossiyalik tadbirkor hibsga olindi

Sport 19:45 / 04.05.2016 3167

Portugaliya politsiyasi "Leyriya" futbol klubi prezidenti Aleksandr Tolstikovni qamoqqa oldi. Bu haqda "A Bola" nashri xabar tarqatgan.

3 may kuni shu nashrda politsiya mamlakat poytaxtidagi "Benfika", "Sporting" va "Braga" jamoalari ofislarida tintuv o‘tkazgani haqida xabar bergandi. Bugun politsiyachilar jamoa ma'muri Yuriy Zaytsev va ismi aytilmagan hisobchini ham hibs qilishgan.

Manbaning yozishicha, tekshiruvlar poytaxt jamoalarining "Leyriya"dan rossiyalik futbolchilarni transfer qilish jarayoni bilan bog‘liq. "Leyriya" jamoasi 2015 yilning 3 iyulida professional klub maqomini olgan va hozirda Portugaliya chempionatining uchinchi divizionida ishtirok etmoqda. Rossiyalik futbol agenti hamda tadbirkor Tolstikov 2014 yildan boshlab bu jamoaning aksioneri bo‘lgandi.

Ayni vaqtda bu jamoada 4 nafar rossiyalik futbolchi Nikita Goldobin, Yegor Nikulin, Anatoliye Nikolayesh va Kirill Kostin o‘ynaydi. Shu yilning qishida rossiyalik futbolchi Tomas Rukas ("Zenit" tarbiyalanuvchisi) jamoani tark etib  Lissabonning "Sporting" jamoasiga ijara asosida o‘tgandi. "Leyriya"ning yana bir sobiq futbolchisi Vitaliy Lystsov esa 2015 yildan buyon "Benfika" a'zosi hisoblanadi.

Ma'lum qilinishicha, politsiya Lystsov, Rukas hamda Tolstikovning yana bir mijozi, o‘z vaqtida "Braga" va "Riu Ave" jamoalari darvozasini qo‘riqlagan, ayni vaqtda "Krasnodar" safida bo‘lgan Stanislav Kritsyukning transferlari bilan bog‘liq bu ishni  "Matreshki operatsiyasi" deya nomlagan.

Tekshiruvlar yakunida Tolstikovga pul yuvish, soliqlarni to‘lashdan qochish va jinoiy guruh tashkil qilish ayblari qo‘yilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: