OAV: Niderlandlar terrorchilar ro‘yxatiga 9 yoshdan oshgan bolalarni qo‘shishni boshlaydi

Jahon 20:31 / 04.05.2016 4925

Niderlandlar 9 yoshdan oshgan gumondor shaxslarni terrorchilar ro‘yxatiga kiritishni boshlaydi. Bu haqda Niderlandiya Umumiy razvedka va xavfsizlik xizmati (AIVD) saytiga asoslanib Volkskrant gazetasida xabar qilingan.

Razvedka xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, IShID o‘z nazorati ostidagi hududlarda istiqomat qiluvchi bolalarni aynan 9 yoshidan harbiy va diversion tayyorgarlikka jalb qila boshlaydi.

«Ularga otish, sovuq quroldan foydalanish va o‘ldirish o‘rgatiladi, shu yoshdan ular IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bo‘ysunadi», — dedi xizmat vakili.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu hududlarda qizlar aynan 9 yoshdan paranjiga kirib, erkaklarga harbiy to‘qnashuvlarda yordam berishga o‘rgatiladi.

Niderlandiya razvedka xizmati rahbari bergan oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat hududidan 70 nafar voyaga yetmagan bola IShID safiga borib qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa ketgan. IShID safida ayni kunlarda 70 nafar o‘smirlardan tashqari, yoshi katta 170 niderlandiyalik bor.

Agar ular ortga qaytadigan bo‘lsa, qirollik hukumati ularga qayd etish raqami berib, ularni terrorchilar ro‘yxatiga kiritadi. Ular haqidagi axborot Yevropaning boshqa davlatlari xavfsizlik xizmatlariga ham taqdim etiladi.

Suriyada 2011 yilning martidan buyon qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, bu nizolar tufayli halok bo‘lganlar soni 220 ming nafardan ortgan. 

IShID jangarilari bolalar uchun lagerlar tuzgan. Bolalar qatllarni ijro etishga va teraktlar sodir qilishga tayyorlanadi.

2016 yilning fevralida ekstremistlar ijtimoiy tarmoqqa o‘spirin yoshidagi jangari mahbusni qatl qilayotgani tasvirlangan videoni joylashtirgandi. 2015 yilning iyulida tarqatilgan boshqa videoda esa 12-13 yoshlarda bo‘lgan 25 nafar bola Palmirada 25 nafar asirni ortdan turib o‘qqa tutgani tasvirlangandi. Bu qatl marosimini atrofda o‘nlab boshqa jangarilar kuzatib turishgan.

Ko‘proq yangiliklar: