Madrid meri qochqinlar Yevropa uchun xazina deb hisoblaydi

Jahon 11:23 / 04.05.2016 3437

Ispaniya poytaxti meri Manuela Karmen qochqinlarni Yevropa uchun xazina deb hisoblashini ma'lum qildi. Bu haqda u 3 may kuni jurnalistlar bilan intervyu chog‘ida bildirdi, deb xabar beradi TASS. 

Merning so‘zlariga ko‘ra, qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha shahar hokimiyatining o‘z tizimi mavjud. “Dastlab biz ularni joylashib olishlari uchun qo‘llab-quvvatlaymiz. Vaqtinchalik boshpana, keyin til o‘rgatish kurslari, ish izlash hamda bolalarni o‘qitishni ko‘zda tutuvchi dasturimiz ham bor”, - dedi Karmen. 

Biroq mer Ispaniya poytaxti aynan qancha qochqinni qabul qilishi to‘g‘risida aniq ma'lumot berolmadi. “Biz ushbu maqsadlar yo‘lida 10 million yevro ajratganmiz, biroq biz aniq qancha qochqinni qabul qilishimizni bilmaymiz. Avvaliga 4 ming, keyin 5 ming yoki 10 ming qochqin to‘g‘risida muhokama qildik”, - deydi Karmen.

Uning so‘zlari bo‘yicha, Ispaniyaga Shimoliy Afrikadan qochqinlar kirib keladi, ularning ko‘pchiligi keyinchalik YeI boshqa davlatlariga o‘tib ketadi, chunki u yerda qarindoshlarini topadilar. 

Madrid meri Turkiya va Yevropa Ittifoqining qochqinlar masalasida kelishuviga izoh berar ekan, “dunyo ulkan insoniy iztiroblariga guvoh bo‘layotgan”ini bildirdi. “Qochqinlar juda yomon sharoitlarda yashamoqda, bu adolatdan emas. Ularning ham Yevropada yashashga haqi bor. Menimcha, bu Yevropa uchun qandaydir salbiy narsa emas, balki xazinadir”, - deb hisoblaydi Karmen. Uningcha, YeI qochqinlarni joylashtirib, “bir yil ichida ularni turli kasbiy faoliyatlarga jalb eta olgan bo‘lardi”. 
Shuningdek, mer Yevropaning migrantlarga munosabati tez orada o‘zgarishiga umidini bayon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: