BMT Halabdagi janglar oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgani va jarohatlanganini ma'lum qildi

Jahon 11:28 / 04.05.2016 2959

Suriyaning Halab shahridagi jangovar harakatlar oqibatida oxirgi ikki hafta davomida yuzlab odamlar halok bo‘ldi va yaralandi. Bu haqda 3 mayda jurnalistlarga BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma'lum qildi.  

"Bizning hamkasblarimiz Halab va uning atrofida oxirgi ikki hafta jangovar harakatlarning keskinlashuvi yuzlab odamlarning halok bo‘lishi va jarohatlanishiga, ulardan ko‘pchiligini bolalar tashkil qiladi, va shuningdek maktablar, shifoxonalar va fuqarolik infratuzilmasining boshqa obektlarining shikastlanishiga olib kelganini ma'lum qilishmoqda. Albatta, bu insonparvarlik operatsiyalarining amalga oshirilishiga xalaqit beradi", deb aytdi Dyujarrik.    

Dyujarrikning aytishicha, BMTda Suriyaning boshqa hududlarida, xususan Dar'a viloyatida ham zo‘ravonlikning avj olayotganidan xavotir bildirishmoqda. Bu viloyatda o‘tgan hafta "jangovar harakatlar va havo bombardimonlari keskinlashib ketgan". Vakil BMT " xalqaro insonparvarlik huquqi talab qilganidek ixtilof tomonlarini fuqarolarni himoya qilishga chaqirayotganini" aytib o‘tdi. 

Vakil 3 mayda Halabdagi yana bitta shifoxona zarbalarga uchraganini ma'lum qildi, bu holat boshqa bir shifoxonaga hujum qilingandan bir hafta o‘tib sodir bo‘ldi. O‘sha hujumda kamida 20 kishi halok bo‘lgandi. Yangi hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi.

Avvalroq Buyuk Britaniya va Fransiyaning BMTdagi doimiy vakillari Halabdagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni taklif  qilishdi. Xavfsizlik kengashida raislik qiluvchi misrlik diplomat Amr Abdul Latif Abu al-Attaning aytishicha, uchrashuv 4 may kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu yig‘ilishda BMT bosh kotibi ishtirok etadi. Pan Gi Mun 27 apreldagi shifoxonaning o‘qqa tutilishi uchun javobgarlikni rasmiy Damashq zimmasiga yuklagandi.

Ko‘proq yangiliklar: