Arab davlatlari ligasi Halab shahriga uyushtirilgan hujumni qoralab, uni harbiy jinoyat sifatida baholadi. Mintaqaviy tashkilot bosh kotibi Nabil al-Arabiy Liganing Qohirada bo‘lib o‘tgan va Suriya shahridagi vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilishida shunday bayonot bergan.
"Arab Ligasi oddiy fuqarolarga nisbatan harbiy harakatlarning olib borilishi va zo‘rayishini keskin qoralaydi", - degan bosh kotib. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu janglar oqibatida "yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan, jabrlangan".
Al-Arabiyning ta'kidlashicha, Halabdagi voqealar ortida nafaqat terrorchi guruhlar balki Asad rejimi ham turadi. "Suriyaliklarga nisbatan bunday harakatlar harbiy jinoyat, insoniyatga qarshi jinoyatdir. Ushbu voqealarga aloqasi borlar esa jazoga tortilishlari kerak".
Al-Arabiy, shuningdek, Suriyaning qurshovda qolgan tumanlariga gumanitar yordamlar zarurligini aytar ekan, mojaroga siyosiy yechim topish eng yaxshi yo‘l ekanini qayd etgan.
So‘nggi kunlarda Halabning ijtimoiy inshootlari, xususan, shifoxonalar ekstremist kuchlarning qattiq zarbalariga uchradi. O‘nlab odamlar shunday zarbalarning qurboni bo‘lgan. Ayni chog‘da, Suriya muxolifati, bir qator G‘arb va arab davlatlari hukumat qo‘shinlarini ushbu hujumlarni amalga oshirganlikda ayblamoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashining Nyu-Yorkdagi yig‘ilishi ham Halabdagi ayanchli gumanitar vaziyat muhokamasiga bag‘ishlanadi.