Anons: "Real" va "Manchester Siti" YeChLning ikkinchi finalchisi nomini aniqlash uchun uchrashadi

Sport 12:27 / 04.05.2016 4008

Ispaniyaning "Real" va Angliyaning "Manchester Siti" jamoasi bugun, 4 may kuni YeChLning yarim finalida ikkinchi uchrashuvni o‘tkazadi. Bir hafta oldin Manchesterda bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuvda hisob ochilmagandi.

Yevropa tarixidagi eng sovrindor jamoa bo‘lmish "Real" ilk uchrashuvda gol ura olmagan bo‘lsada, javob uchrashuvi oldidan qulay imkoniyat hosil qilgan. O‘z maydonida kuchli o‘yin namoyish etadigan bu jamoa avvalgi bosqichda "Volfsburg"ga safarda 0:2 hisobida yutqazgan bo‘lsada, o‘z maydonida 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqqandi.

2 hafta oldin Ispaniya chempionati uchrashuvi vaqtida jarohat olgan Krishtianu Ronaldu bugungi o‘yinga tushish uchun tayyor. Portugaliyalik hujumchi joriy mavsumda YeChLning shu vaqtgacha o‘tgan uchrashuvlarida 16 gol urgan. Agar u yana gol uradigan bo‘lsa, liganing bir mavsumida urilgan gollar bo‘yicha rekordni yangilaydi.  Ronaldu "Volfsburg"ga qarshi uchrashuvdagi barcha 3ta golga mualliflik qilgan va "Real"ni keyingi bosqichga olib chiqqandi.

O‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Zinedin Zidan Ronaldu o‘yinga tushish uchun 100 foizga tayyorligini, ammo yana bir asosiy hujumchi  Karim Benzema jarohat tufayli o‘tkazib yuborishi haqida aytgan.

"Manchestera Siti" uchun YeChL yarim finalida o‘ynash jamoa tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Jamoa turnirning joriy mavsumidagi pley-off uchrashuvlarining safarda kechgan ikkitasida o‘ziga kerakli natijani qayd eta oldi. Avvaliga Kiyevning "Dinamo" jamoasi 3:1 hisobida mag‘lub etildi, chorak finalda esa "Pari Sen-Jyermen"ga qarshi safar uchrashuvi 2:2 hisobida yakunlandi.

"Real" turnirning bu mavsumida o‘z maydonida kechgan uchrashuvlarda gol o‘tkazib yubormayapti. Uy uchrashuvlarida jami 18ta gol urilgan. 

Inglizlar jamoasi Madridga tarkibdagi jiddiy yo‘qotish bilan keladi - David Silva Angliya chempionatidagi o‘yinlardan birida bel qismida jarohat olgan. Shuningdek, jamoa yetakchilaridan biri Yaya Turening bu o‘yinda maydonga tushishi so‘roq ostida.

"Real" - "Manchester Siti" uchrashuvi  "Santyago Bernabeu" o‘yingohida Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanaldi. O‘yinni boshqarib borish uchun sloveniyalik Damir Skomina tayinlangan, unga qanotlarda Yure Praprotnik va Robert Vukan yordam beradi.

Turnirning birinchi finalchisi 3 may oqshomida Myunxenda "Bavriya" va Madridning "Atletiko" jamoalari o‘rtasida kechgan bahsda aniqlandi. Unda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsada, ispanlar jamoasi safardagi gol qoidasi evaziga finalga chiqishdi (Madriddagi birinchi uchrashuv mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi).

Final uchrashuvi 28 may kuni Italiyaning Milan shahrida o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: