Ahmad Dovudo‘g‘li: Rossiya va Turkiya bir-biriga muhtoj

Jahon 16:03 / 04.05.2016 13355

Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lining bayonot berishicha, Suriyada Rossiyaning Su-24 rusumli harbiy samolyoti urib tushirilganiga qaramay, Rossiya va Turkiya mintaqaning ikki muhim davlati bo‘lib qolaveradi va shu bois bir-biriga muhtojdir. 

"Bizning qarashimiz aniq. Rossiya va Turkiya azaldan qo‘shni bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham biz mintaqaning ikki yetakchi davlati bo‘lib qolmoqdamiz. Biz bir-birimizga muhtojmiz. Samolyot bilan bog‘liq hodisa bevosita Rossiyaga qaratilmagan edi", — deya Al Jazeera Turk telekanaliga intervyusida bayonot bergan turk bosh vaziri, ikki mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi aloqalar qayta tiklanishiga umid bildirgan. 

Jurnalistning Rossiya turk harbiylarining Suriyaga kiritilishiga qarshi chiqib, Turkiya harbiy kuchlariga havodan zarbalar berishi ehtimoliga oid savoliga Dovudo‘g‘li salbiy ohangda javob bergan. 

"Bu noto‘g‘ri harakat bo‘lar edi. Bu yerlar Rossiyaniki emas. Albatta, Rossiya — BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zosi. BMTning IShIDga qarshi qarori ham barchaga ma'lum. Bu yerda gap bizning milliy xavfsizligimiz xaqida bormoqda. Biz hech qanday davlat, xususan, Rossiya bilan ham ziddiyatga borish niyatida emasmiz. Bizlar Rossiya bilan yaxshi munosabatda edik, kelgusida ham ayni aloqalar yaxshilanishini xohlaymiz. Ammo milliy xavfsizlik masalasi kun tartibiga chiqar ekan, biz uni ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga majbur bo‘lamiz. Bu yerda Rossiya emas, balki Turkiya IShIDning bevosita tahdidiga duch kelmoqda", — deb qo‘shimcha qilgan bosh vazir. 

Ma'lumki, Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yil 24 noyabr voqeasidan keyin taranglashib, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. O‘sha kuni Suriyada turk harbiy havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-24 rusumli bombardimonchi samolyotini urib tushirgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, mazkur hodisa yuzasidan fikrini bildirar ekan, uni terrorchilar gumashtalarining "orqadan zarba berish"iga qiyoslagan hamda milliy xavfsizlikni ta'minlash va Turkiyaga nisbatan maxsus iqtisodiy jazo choralari qo‘llash to‘g‘risidagi farmoniga imzo chekkan edi.

Ko‘proq yangiliklar: