O‘zbekiston Respublikasida avto-mototransport vositalari oldi-sotdi, almashtirish va hadya qilinishi bilan bog‘liq shartnomalarni rasmiylashtirishda notarial idoralari tomonidan undiriladigan davlat bojini taqsimlash tartibiga o‘zgartirish kiritildi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 26 apreldagi qaroriga ko‘ra, avto-mototransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish va hadya qilinishi bilan bog‘liq shartnomalarni rasmiylashtirishdan tushadigan mablag‘ning 73 foizi shahar va tumanlar byudjyetlariga o‘tkaziladi. 12 foizi Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga, 15 foizi esa adliya organlarining g‘aznachilik hisob raqamlaridagi mablag‘larini to‘plash usuli bilan davlat notarial idoralari va notarial arxivlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Respublika ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati tomonidan avto-mototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun undiriladigan mablag‘ning 92 foizi tuman va shaharlar byudjyetiga, qolgan 8 foizi IIV YHXDX g‘aznachilik hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Bundan avvalgi tartibga ko‘ra, avto-mototransport vositalari oldi-sotdi, almashtirish va hadya qilinishi bilan bog‘liq shartnomalarni rasmiylashtirishda notarial idoralari tomonidan undiriladigan davlat bojining 80 foizi va ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati tomonidan avto-mototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun tushadigan mablag‘larning 85 foizi mahalliy byudjyet hisobiga tushar edi.