Lui van Gaal: «Men dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biriman. Shunchaki matbuot bu haqiqatni hazm qila olmaydi»

Sport 15:08 / 03.05.2016 5604

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal o‘zining tez orada jamoadan ketishi haqida tarqalgan mish-mishlarga munosabatini bildirib o‘tdi.

«Bizdan juda ko‘p narsani kutishadi. Hozir jamoa o‘zgarishlar davrida turibdi va bunday davrda barcha o‘ylaganing osonlik bilan amalga oshavermaydi.

Matbuot meni yarim yil oldinoq ishdan bo‘shatgandi. Avval ishlagan boshqa jamoalarimda ham jurnalistlar menga shunday munosabatda bo‘lishardi va men bunday holatlardan chiqib ketardim.

Bu vaziyat futbolchilarimga ham aloqador. Men – murabbiyman, menda o‘tab berishim kerak bo‘lgan shartnoma mavjud. Futbolchilar har kuni gazetalarda mening ishdan bo‘shatilishim haqida o‘ylashadi. Bunday xabarlar mening ular oldidagi nufuzimga qanday ta'sir ko‘rsatishini bilasizmi? Bunday holatda ularga gapim o‘tadimi? Ular qanday qilib mening ko‘rsatmalarimga amal qilishsinki, har kuni ularga mening jamoada hech kimligim haqida uqtirishsa?

Ammo bu hali hammasi emas. Men o‘zimga yarasha g‘ururli insonman. Men dunyodagi eng kuchli murabbiylardan biriman. Lekin matbuot bu haqiqatni hazm qila olmaydi», – deydi gollandiyalik mutaxassis.

«Manchester Yunayted» ayni vaqtda 60 ochko bilan APL turnir jadvalining 5-pog‘onasida joylashgan. Jamoa keyingi turlarda «Norvich» hamda «Bornmut» jamoalariga qarshi o‘ynaydi. Qolaversa, van Gaal shogirdlarida bitta zaxira o‘yini mavjud va bu o‘yin «Vest Hem»ga qarshi kechadi. Bu uchrashuvlarda kerakli natijani qayd etib jamoa keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etish uchun yo‘llanmaga ega bo‘lishi mumkin. Jamoaning 3 va 4-o‘rinlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblari «Arsenal», «Manchester Siti» va «Vest Hem» hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: