Braziliyada Olimpiya mash'alasi estafetasining birinchi ishtirokchilaridan biri suriyalik qochqinlar oilasining 12 yoshli farzandi Xonon Xolid Dakka bo‘ladi. Bu haqda 1 mayda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada tashkilotchilari ma'lum qildilar.
"Qiz va uning oilasi Suriyaning shimolidagi Idlibda, fuqarolik urushi girdobida qolgan hududlardan birida yashaganlar. Ular bir qancha muddatga Iordaniyadagi qochqinlar qarorgohiga ko‘chib o‘tganlar, u yerdan esa Braziliyaga kelganlar va San-Pauluda joylashganlar. Ayni vaqtda qizning onasi farzand kutmoqda va Xonon o‘zining ukasi yoki singlisining tug‘ilishini orziqib kutmoqda", deb aytildi "Rio-2016" tashkiliy qo‘mitasi xabarida.
Olimpiya o‘yinlari tashkilotchilari Braziliyada Olimpiya mash'alasi estafetasini ochishga Braziliya ayollar voleybol jamoasi safida ikki marta Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan Fabiane Klaudinoni munosib deb topdilar. "Bu juda sharafli va hayajonli onlar. Men bu tarixiy voqeada ishtirok etishdan faxrlanaman", deb aytdi taniqli sportchi, Pekin (2008) va London (2012) Olimpiadalari oltin medallari sohibasi.
Olimpiya mash'alasi estafetasi 3 mayda mamlakat poytaxti Braziliada start oladi. Mahalliy hukumatning fikricha, bu tadbirga 400 ming sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Mash'ala shaharga samolyotda olib kelinadi, aeroportdan esa u Braziliya prezidenti ishchi qarorgohi – Planaltu saroyiga olib boriladi. Mash'alani Braziliya bo‘ylab olib o‘tish imkoniyatiga 12 ming kishi ega bo‘ladi, ular 17 ming nomzod ichidan tanlab olindilar. Ular orasida taniqli sportchilar, Braziliya shou-biznesi vakillari, talabalar va o‘z hayoti bilan ilhomlontiruvchi odamlar bo‘ladi.
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari 5-21 avgust kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi. Bu Olimpiya o‘yinlari Janubiy Amerikada o‘tadigan ilk Olimpiya o‘yinlari bo‘ladi. Paralimpiada bir necha hafta o‘tib, ya'ni 7-18 sentabr kunlari shu yerning o‘zida bo‘lib o‘tadi.