2 maydan boshlab Buyuk Britaniyada yangi qonunga ko‘ra barcha turdagi sigaretlar bir xil ko‘rinishdagi qutilarda sotiladi. Biroq tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bu qonunga amal qilishga shoshilmayaptilar. Ular London Oliy sudiga ushbu qonun yuzasidan shikoyat arizasi topshirdilar. Ularning aytishicha, bu talab ham Britaniya, ham Yevropa qonunchiligiga zid keladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2008 yilda tamaki chekishga qarshi konvensiyasining 11-moddasida neytral sigaret qutisining tatbiq qilinishi "chekishga qarshi tibbiy choralarni samaraliroq qilishi mumkinligi" aytilgan. Ko‘rimsiz quti iste'molchilarning e'tiborini kamroq tortadi. Bunday qutiniing joriy qilinishi tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining dizayn yordamida iste'mochilarni ba'zi mahsulotlar boshqalaridan xavfsizroq ekanligiga ishonishga majbur qiluvchi hiylasining chippakka chiqishiga olib keladi. Bu chora haqiqatda ta'sirchandir, deb hisoblamoqda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligidagi tamakiga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash a'zosi Darya Xalturina.
"Bir rangga, ehtimol ko‘rimsiz rangga bo‘yalgan, qandaydir ko‘zga tashlanuvchi uslublardan xoli bo‘lgan standartlashtirilgan quti deb nomlanuvchi qutilar Avstraliyada joriy qilingan va biz uning natijasini baholay olishimiz mumkin. Eng qizig‘i, Avstraliyada bu chora qo‘llangandan keyin birinchi navbatda qimmatbaho sigaretlar savdosi pasaygan, chunki iste'molchilar turli sigaretlarni bir-biridan ajrata olmaganlar. Umuman olganda, tamakiga reklama man qilingan vaqtda uning qutisi uni olg‘a surishning yo‘llaridan biri hisoblanadi, shuning uchun bunday qutilarni Rossiyada ham tatbiq qilish kerak", deb aytdi mutaxassis.
Avstraliya statistikasiga ko‘ra, bunday chora haqiqatan ham natija bergan. Philip Morris International ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 2012 yildan 2013 yilgacha sigaretlar savdosi 0,3 foizga ko‘paygan bir paytda, yashil qit'ada 2010 yildan 2013 yilgacha chekuvchilar soni 15,1 foizdan 12,8 foizga kamaygan. Biroq bu choraga qarshi chiquvchilarning ta'kidlashicha, Avstraliyada chekuvchilar soni shundoq ham 1991 yildan beri barqaror ravishda kamayib kelmoqda.
"Ba'zi chekuvchilar uchun brend nomi yozilgan yorqin va chiroyli sigaret qutisi o‘z imijini yaratish, o‘z tengqurlari orasiga kirish elementi sifatida ahamiyatga ega. Bunday harakat, sigaretlarni namoyishkorona chekish o‘smirlarga xosdir. Ancha tajribali chekuvchilar uchun esa sigaret qutilarining tashqi ko‘rinishi ularni iste'mol qilishda hech qanday ahamiyat kasb etmaydi", deb aytmoqda Rossiya guruhli va oilaviy psixologiya va psixoterapiya murabbiyi Mark Sandomirskiy.
Shuni ta'kidlash joizki, JSST bosh qarorgohi joylashgan Shveytsariyada Belgiyadagi kabi bunday tashabbus rad etilmoqda. Nima uchun? Ehtimol, buning sababi ushbu davlatlar Yevropaning eng chekuvchi davlatlaridan hisoblanishidadir. Bu davlatlarda aholining uchdan bir qismidan ko‘pi chekadi.
Avstraliya bilan bir qatorda bu tashabbusni birinchilardan bo‘lib Afrikaning Burkina Faso davlati ham qo‘llab-quvvatladi. Bu davlatda bunday qonun 2011 yildayoq qabul qilingan, biroq uning amaliy tatbig‘i ortga surib kelinadi. Fransiyada esa bu qonun 2015 yilda qabul qilingan, u 2017 yil yanvardan kuchga kiradi.
Shuningdek, Kanada va Norvegiyada ham betaraf qutining tatbiq qilinishi taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, bu tashabbus JAR, Chili, Finlyandiya, Vengriya, Yangi Zelandiya, Panama, Shvetsiya va Turkiyada ham muhokama qilinmoqda.